date

Eron raketalari zarbasi Ben-Gurion universiteti ilmiy salohiyatiga og‘ir zarba berdi

Eron raketalari zarbasi Ben-Gurion universiteti ilmiy salohiyatiga og‘ir zarba berdi
Janubiy Isroilda joylashgan David Ben-Gurion universiteti yaqinda tarixidagi eng og‘ir zarbalardan birini boshidan kechirdi. 19 iyun kuni amalga oshirilgan Eron raketalari hujumi natijasida “Soroka” tibbiyot markazi hududida joylashgan universitetning oltita ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tubdan vayron bo‘ldi, yana to‘qqizta laboratoriyada jiddiy shikastlar qayd etildi. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar tarqatdi.

Ushbu voqea faqat universitet uchun emas, balki butun Isroil ilm-fani va tibbiyot sohasi uchun mislsiz yo‘qotish sifatida baholanmoqda. Laboratoriyalar yillar davomida olib borilgan muhim biologik va tibbiyot yo‘nalishidagi ilmiy loyihalarni amalga oshirib kelayotgan edi. Universitetning tibbiyot fanlari fakultetining o‘quv xonalari, amaliy laboratoriyalari va anatomiya bo‘limi ham jiddiy zarar ko‘rgani ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, universitetning asosiy kampusidagi yana 30 ta turli inshoot, binolar ham shikastlangan. Hozirda rahbariyat zarar ko‘lamini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, keltirilgan moddiy ziyon “o‘nlab, balki yuzlab million shekel”ni tashkil etishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, 10 million shekel hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 2,93 million AQSH dollariga teng.

Ayni paytda, bu hujum Isroilning tibbiyot, fan va innovatsiya sohalaridagi istiqbolli yo‘nalishlariga jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Vayron bo‘lgan laboratoriyalarda olib borilgan tadqiqotlar nafaqat mamlakat, balki butun mintaqaviy sog‘liqni saqlash tizimi uchun muhim ahamiyatga ega edi.

Xalqaro axborot manbalarining yozishicha, 13 iyun kuni Isroil Eronga qarshi o‘z hujumlarini boshlagan, maqsad – Tehronning yadro va raketa dasturlariga bog‘liq obyektlarni yo‘q qilish edi. Oradan bir kun o‘tib, Eron Isroilga javob zarbalari berdi. Bu eskalatsiya so‘nggi yillarda mintaqada kuzatilgan eng jiddiy nizolardan biri sifatida qayd etilmoqda.

22 iyun kechasi AQSH Qurolli kuchlari Erondagi uchta yadroviy obyektiga zarba berdi, 23 iyun esa Eron Qatarda joylashgan Yaqin Sharqning eng yirik Amerika aviabazasi – Al-Udeydga raketa uyushtirdi. Bir necha kunlik keskin qarama-qarshilikdan so‘ng, AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Kelishuv 24 iyundan rasman kuchga kirdi.

Zamin.uz tahririyatidan:
Fan va bilim dargohlariga yetkazilgan har qanday zarba – kelajak taraqqiyotiga, yangi avlod va tibbiyot taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrar. Tez orada vaziyat barqarorlashib, ilm-fan yo‘lidagi ishlar yana o‘z iziga tushishini tilaymiz. Tinchlik va taraqqiyot eng oliy qadriyat bo‘lib qolaveradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron raketalari zarbasi Ben-Gurion universiteti ilmiy salohiyatiga og‘ir zarba berdi