
Texasdagi Gvadalupe daryosida sodir bo‘lgan kuchli suv toshqini butun mamlakatni shokka soldi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy hukumat va qutqaruv xizmati vakillari bu ofat oqibatida kamida 24 kishining hayotidan ayrilganini, yana o‘nlab inson bedarak yo‘qolganini bildirgan. Suhbatdoshlar ta’kidlashicha, halok bo‘lganlar soni oshishi mumkin, chunki yo‘qolganlar orasida Gvadalupe daryosi qirg‘og‘idagi yozgi qizlar lagerida dam olayotgan 23-25 nafar bola ham bor.
Mahalliy vaqt bilan kecha kechasi boshlangan kuchli yomg‘ir qisqa fursatda Gvadalupe daryosining sathini keskin ko‘tarib yubordi va sohil bo‘ylab joylashgan dam olish maskanlari suv ostida qoldi. Mahalliy aholi va qutqaruvchilar lager maydonidagi bolalar va kattalarni evakuatsiya qilishga urinishdi, ammo kuchli oqim ularni o‘z vaqtida xavfsiz joyga ko‘chirishga imkon bermadi.
Texas gubernatori Greg Ebbott inqiroz boshlanganidan 18 soat o‘tgach, maxsus qidiruv-qutqaruv operatsiyasida resurslar «cheksiz» bo‘lishini va qidiruvlar to‘xtamasligini ma’lum qildi. U halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, barcha imkoniyatlar safarbar etilishiga va’da berdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp ham jurnalistlar bilan suhbatda federal hukumat qurbonlar va ularning oilalariga yordam berishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Biz ularga g‘amxo‘rlik qilamiz», — deya ta’kidladi u.
AQSH Milliy meteorologiya xizmati ushbu tabiiy ofat munosabati bilan San-Antonio shahridan shimoli-g‘arbida joylashgan Kerr okrugida favqulodda holat e’lon qildi. Ko‘rsatilishicha, hududda bir necha soat ichida 30 santimetrgacha yog‘ingarchilik qayd etilgan.
Mutasaddilar va mahalliy aholi bu kabi tabiiy ofatlar hududda so‘nggi yillarda kamdan-kam kuzatilganini ta’kidlashmoqda. Hozircha qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda va Gvadalupe sohilida vaziyat keskin bo‘lib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar