Qulog‘i ochilmagan 22 yoshli ayolda kutilmagan rak aniqlandi

Kaliforniyalik 22 yoshli Aida Byorkins Chikagoga parvoz qilganidan keyin quloqlari ochilmay qolganini sezdi. Oddiydek ko‘ringan bu muammo ortidan oylar davomida turli tekshiruvlar o‘tkazilib, oxir-oqibat unda kamyob saraton aniqlandi.
U uyiga qaytgach, ahvoli tez yomonlashdi: tomog‘iga qon kelishi, eshitish qobiliyati pasayishi, quloqda doimiy shovqin, charchoq va vazn yo‘qotish kuzatildi.
1 va 3 yoshli ikki farzandi bor Aida bir necha shifokorga murojaat qildi, ammo unga bu holat balandlik ta’siri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytildi.
Nihoyat, shifokorlar qon ketishiga sabab bo‘layotgan, yevstaxiy nayini berkitgan massani aniqladi va Aidani LOR mutaxassisiga yubordi. Uning aytishicha, barcha tovushlar bo‘g‘iq eshitilar, qulog‘idagi shovqin esa to‘xtamasdi.
LOR shifokori massani ko‘rib, uning saraton bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Tekshiruvlar Aidaning adenoidlari ham kuchli yallig‘langanini ko‘rsatib, ularni olib tashlash zarurligini aniqladi.
Biopsiya natijalarini kutayotganda uning tomog‘ining chap tomoni shisha boshladi va ikkinchi biopsiya o‘tkazildi. Shifokor saraton ekanini aniq ayta olmagan bo‘lsa-da, natijalar juda shubhali ekanini bildirdi.
Kompyuter tomografiyasi esa o‘sma bir nechta hududlarga, jumladan bosh suyagi asosi yaqinidagi bo‘yin limfa tugunlariga tarqalganini ko‘rsatdi.
Fevral oyida Aidaga nazofaringeal karsinoma — burun ortidagi burun-halqum sohasida boshlanadigan kamyob bosh va bo‘yin saratoni tashxisi qo‘yildi.






























Izohlar 0
…