date

Isroil Eron prezidentini o‘ldirmoqchi bo‘lganmi?

Isroil Eron prezidentini o‘ldirmoqchi bo‘lganmi?
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyan yaqinda amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan suhbatida jahon jamoatchiligini hayratga solgan bayonot berdi: u Isroil tomonidan uni o‘ldirishga urinish bo‘lganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv o‘tkazilayotgan hududga bomba yog‘dirilgan, ammo bu hujum muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

"Ha, ular urinishdi. Ular harakat qilishdi, lekin ular muvaffaqiyatga erishmadi," — dedi Pezeshkiyan Karlsonga bergan intervyusida, tarjimon orqali gapirgan holda. Ushbu intervyu Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urushdan so‘ng, Eron prezidentining G‘arb ommaviy axborot vositalariga bergan dastlabki suhbatlaridan biri bo‘ldi.

Prezident Pezeshkiyan intervyuda: "Bu AQSH emas edi. Bu suiqasdning ortida Isroil turadi. Men uchrashuvda edim… ular aynan o‘sha hududni bombardimon qilmoqchi bo‘lishdi," — deb ta’kidladi. U shunday hujum haqida birinchi marta oshkor qildi, ammo urush vaqtidami yoki boshqa paytdamidi — aniq aytmadi.

Bu bayonot AQSH prezidenti Donald Trampning avvalroq aytgan so‘zlarini esga soladi. U o‘z vaqtida Isroilni Eronning 86 yoshli Oliy rahbari Ayatolla Ali Xomaneiyga qarshi suiqasddan qaytarganini aytgan edi. Xomaneiy deyarli uch hafta ommaviy ko‘rinishsiz bo‘lganidan so‘ng, yaqinda Tehrondagi diniy marosimda qatnashdi. U oldinroq onlayn chiqishlar qilgan, bu chiqishlarda u rangi oqarrgan va ammo daxlsiz ko‘ringan edi.

Pezeshkiyanga suiqasd urinishi Isroilning nafaqat Eronning harbiy va yadroviy salohiyatini zaiflashtirish, balki siyosiy rahbariyatini ham yo‘q qilish niyatida ekanini ko‘rsatadi. 12 kunlik urush davomida Isroil va AQSH Eronning uchta asosiy yadroviy obyekti yo‘q qilinganini va 30 dan ortiq yuqori darajali xavfsizlik amaldorlari hamda 11 ta yadro olimini o‘ldirganini ma’lum qilgandi.

Shu bilan birga, Pezeshkiyan va tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chiy jamoat oldida erkin harakatlanishda davom etmoqdalar. Prezident Ozarbayjondagi sammitda qatnashdi, Arog‘chiy esa Braziliya, Misr va Moskvada rasmiy tashriflarda bo‘ldi.

Pezeshkiyan intervyuda ta’kidladi: "Biz bu urushni boshlagan emasmiz va uni davom ettirishni istamaymiz. Prezidentlik saylovoldi shiorim milliy birlik va qo‘shnilarimiz bilan do‘stlikni mustahkamlash edi."

Yadroviy muzokaralarga qaytish imkoniyati haqida so‘ralganida, u: "Biz muzokaralarni qayta boshlashga qarshi emasmiz. Lekin biz AQSHga qanday ishona olamiz? Muzokaralar orasida Isroilga yana hujum qilishga ruxsat berilib qolsachi?" — deb shubha bildirdi.

U Eron Trampni o‘ldirish bo‘yicha hech qanday rejalar qilmaganini ham rad etdi. Karlsonning Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) inspektorlari Eronga qayta kiritiladimi, degan savoliga javoban Pezeshkiyan shunday dedi:
"Hozircha yadroviy obyektlarimiz qay darajada zarar ko‘rganini bilmaymiz. Ular juda qattiq shikastlangan. Sharoit yaxshilansa, inspeksiyani ko‘rib chiqamiz. Lekin MAGATEning bu xalqaro huquqqa zid hujumlar oldida jim qolishi eronliklar orasida ishonchsizlik uyg‘otgan."

Bu bayonot xalqaro hamjamiyatda katta shov-shuv uyg‘otishi shubhasiz. Zero, Eron tomonidan ochiq ayblov bilan Isroilga qarshi qaratilgan so‘zlar, Eron-Isroil munosabatlarida yanada keskinlik keltirishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, Pezeshkiyanning ochiq bayonoti nafaqat Eronning xavfsizlik nuqtayi nazaridan qanchalik jiddiy tahdid ostida ekanini, balki mintaqaviy siyosiy muvozanat qanchalik nozik ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Endi xalqaro siyosatchilar va tahlilchilar bu voqealarning oldindagi diplomatik jarayonlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini kuzatmoqdalar.

Zamin.uz tahliliga ko‘ra, bu voqea nafaqat Eronning ichki siyosiy mustahkamligini, balki mintaqadagi xavfsizlik sharoiti qanday keskinlashganini ham namoyon etmoqda. Endilikda G‘arb va mintaqaviy davlatlar bu tanglikni yumshatish uchun qanday qadamlar tashlaydi — katta savol ostida qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil Eron prezidentini o‘ldirmoqchi bo‘lganmi?