Sudanda oltin koni quladi: qurbonlar bor

Sudanning G‘arbiy Kordofan shtatidagi Al-Zara oltin konida o‘pirilish yuz berib, kamida 67 kishi halok bo‘ldi. O‘nlab konchilar vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Bu haqda bugun Sudan Tribune nashri xabar berdi.
Hodisa Al-Nuxud shahri yaqinidagi konda sodir bo‘lgan. Dastlab 67 kishining jasadi topilgani xabar qilingan bo‘lsa, keyinroq mahalliy manbalar 82 ta jasad chiqarilganini ma’lum qilgan. Shu bois qurbonlar soni hozircha aniq emas.
O‘pirilishga so‘nggi kunlarda yog‘gan kuchli yomg‘irlar tufayli tuproqning yumshab qolishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq hodisaning aniq sababi hozircha tasdiqlanmagan.
Qutqaruv ishlari og‘ir sharoitda olib borilmoqda. Kon hududida maxsus texnika va xavfsizlik vositalari yetishmasligi sababli vayronalar ostida qolganlarni qidirish qiyin kechayotgani aytilmoqda.
Al-Zara koni joylashgan hudud Tezkor reaksiya kuchlari (RSF) nazoratida. Sudan Doctors Network mamlakatning qurolli mojaro davom etayotgan hududlarida xavfsizlik talablariga javob bermaydigan norasmiy konlarda ishlash katta xavf tug‘dirayotganini ta’kidlagan.
Sudanda oltinning katta qismi kichik va norasmiy konlarda qazib olinadi. Bunday konlarda xavfsizlik choralarining yetarli emasligi sababli o‘pirilishlar tez-tez sodir bo‘lishi aytilmoqda.






























Izohlar 0
…