date

Qo‘ziqorin yordamida sobiq erining ota-onasini o‘ldirgan kelin ishi

Qo‘ziqorin yordamida sobiq erining ota-onasini o‘ldirgan kelin ishi
Avstraliyada katta jamoatchilik va xalqaro ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida bo‘lgan “qo‘ziqorinli qotillik” ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Ushbu ish butun mamlakatda, xususan Viktoriya shtatining Leongata shahrida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.

49 yoshli Erin Patterson 2023-yil 29-iyul kuni sobiq turmush o‘rtog‘i Simon Pattersonning ota-onasi — Don va Gail Patterson, shuningdek, ularning qarindoshlari Heazer va Ian Wilkinsonni tushlikka taklif qilgan. Tushlik davomida ular qo‘ziqorinli Beef Wellington taomidan tanovul qilishgan. Oradan bir necha soat o‘tib, mehmonlarda kuchli qayt qilish va diareya alomatlari boshlangan, ular zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Sud tergovlariga ko‘ra, mazkur taomga juda zaharli “death cap” (Amanita phalloides) qo‘ziqorini qo‘shilgan bo‘lib, u jigarga halokatli darajada zarar yetkazuvchi amanitin moddasini o‘z ichiga oladi. Ushbu modda inson jigarining ikki kun ichida to‘liq faoliyatdan chiqishiga olib keladi.

Qurbonlardan Gail va Heazer 2023-yil 4-avgust kuni, Don esa bir kun o‘tib vafot etgan. Ian Wilkinson esa og‘ir ahvolda bir necha oy davolanib, faqat sentabr oyida sog‘lig‘iga qisman tiklanib uyiga qayta olgan.

Sud jarayonida prokuratura Patterson ushbu qo‘ziqorinlarni ataylab yig‘ib, taom tarkibiga qo‘shganini ta’kidladi. U 2023-yil aprel–may oylarida qo‘ziqorin yig‘ish uchun mo‘ljallangan hududlarga borgan, bu esa iNaturalist kabi ommaga ochiq platformalardagi geolokatsiya ma’lumotlari orqali tasdiqlangan. Sudda, shuningdek, Patterson aynan shu paytda qo‘ziqorinlarni quritish uchun maxsus qurilma sotib olgani, voqeadan so‘ng esa uni yo‘q qilishga uringani aniqlandi.

Pattersonning uyidan olingan qo‘ziqorin quritgichida zaharli qo‘ziqorinlarning qoldiqlari va ayblanuvchining barmoq izlari aniqlangan. Shuningdek, tergov davomida u foydalanayotgan mobil telefonlardan muhim ma’lumotlar o‘chirib tashlangani ma’lum bo‘ldi.

Patterson sudda barcha ayblovlarni rad etdi. U bu voqeani “fojiaviy tasodif” deb atab, qo‘ziqorinlarni noto‘g‘ri tanlab qo‘shganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqeadan keyin vahimaga tushib, tergovga noto‘g‘ri ma’lumot bergan. Himoya advokati esa sudga Patterson marhumlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lgani, moliyaviy yoki shaxsiy motivga ega emasligini bildirib o‘tdi.

Biroq 12 kishilik hay’at bir ovozdan Erin Pattersonni uchta qasddan qotillik va bitta suiqasdga urinishda aybdor deb topdi. Sudya Kristofer Beale hay’at a’zolariga murojaat qilib, bu ish axloqiy emas, huquqiy mezonlar asosida ko‘rilayotganini ta’kidladi:

“Masala shundaki, Patterson axloqan aybdormi yoki yo‘qmi — bu emas. Savol — uning qonuniy javobgarligini isbotlovchi dalillar mavjudmi — shunda.”

Erin Patterson hozircha qamoqda saqlanmoqda. Uning yakuniy jazosi keyingi sud majlisida e’lon qilinadi.

Bu holat Avstraliya sud amaliyotida nodir, murakkab va bir vaqtning o‘zida jamoatchilik ongida chuqur iz qoldirgan jinoyat sifatida tarixda qolishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qo‘ziqorin yordamida sobiq erining ota-onasini o‘ldirgan kelin ishi