date

Netanyaxu: Eron yadroviy tahdidga aylanmoqda

Netanyaxu: Eron yadroviy tahdidga aylanmoqda
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishi butun mintaqa uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidladi. Bu haqda u The Jerusalem Post nashriga bergan bayonotida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Hizbulloh”ning zaiflashuvidan so‘ng Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi boyitilgan uranni yadro quroliga aylantirish harakatlarini jadallashtirgan.

«Biz bu jarayonni kuzatyapmiz. Ular bir yil ichida atom bombasiga ega bo‘ladi va boshqa yadroviy davlatlardan farqli ravishda, undan amalda foydalanishi mumkin. Ular bizni yo‘q qilishga harakat qiladi», — dedi Netanyaxu.

U, shuningdek, HAMAS tomonidan G‘azoda asirga olinganlar haqida ham fikr bildirdi:

«Biz ularga zarar yetkazmaslik uchun bor imkoniyatimizni ishga solyapmiz. Isroil tinch fuqarolarning jabr ko‘rmasligi uchun harakat qilmoqda. Ammo HAMAS aynan ularni nishonga olmoqda», — dedi u.

Ma’lumot uchun, Netanyaxu 1995 yildan buyon Eronning yadro quroliga ega bo‘lishi haqida doimiy ravishda ogohlantirib kelmoqda. Ammo AQSH razvedka idoralari va MAGATE Eronning yadroviy qurol ishlab chiqarayotgani haqida hech qanday tasdiqlangan dalil topmagan.

MAGATE rahbari Rafael Grossining ta’kidlashicha: «Biz siyosatchi emasmiz. Shu boisdan, bunday muhim bayonot uchun aniq faktlar kerak. Biz esa bunga dalil topmadik».

13 iyundan boshlab Isroil Eron hududidagi yadro infratuzilmasi, mudofaa obyektlari, yuqori lavozimli harbiylar va ilmiy xodimlarni nishonga oldi. Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hujumlar oqibatida kamida 627 kishi halok bo‘lgan, ular orasida tinch aholi ham bor.

22 iyun kuni AQSH ham bu operatsiyaga qo‘shilib, Fordo, Natanz va Isfahondagi uchta strategik obyektga aviazarbalar berdi. Hujumda maxsus bunker bombalaridan foydalanilgan. Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Retkliff bu operatsiya Eron yadro dasturiga katta zarar yetkazganini ta’kidladi. Ko‘p o‘tmay Donald Tramp Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishilganini e’lon qildi. Buni har ikki davlat ham tasdiqladi.

Shu bilan birga, Eron rasmiylari Amerika tomonidan berilgan zarbalar katta yo‘qotishga olib kelmaganini aytmoqda. Oliy rahbar Ali Xomanaiy esa mamlakat Vashington va Tel-Aviv ustidan “moral g‘alaba” qozonganini bildirgan.

25 iyun kuni Eron parlamenti MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatish haqida qaror qabul qildi. 2 iyul kuni esa Prezident Mas’ud Pezeshkiyon mazkur qonunni rasman imzoladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Netanyaxu: Eron yadroviy tahdidga aylanmoqda