
AQShning mashhur elektromobil ishlab chiqaruvchisi Tesla kompaniyasi 2025-yilning ikkinchi choragida daromad va foyda jihatdan yana pasayish qayd etdi. Sabablardan biri – kompaniya asoschisi Elon Maskning siyosiy maydondagi faol ishtirokidir.
Nyu-Yorkda joylashgan kompaniya iyun oyida tugagan uch oylikda 22,5 milliard dollarlik daromad qayd etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12% kam. Foyda esa 1,17 milliard dollarga tushib, 16% ga pasaydi.
Tesla nafaqat AQShda, balki Yevropada ham xaridorlarni yo‘qotmoqda. Analitiklar bu holatni Maskning siyosiy qarashlari va bahsli bayonotlari bilan bog‘lamoqda. U o‘tgan yili Yevropadagi ayrim o‘ng qanot siyosatchilarini qo‘llab-quvvatlaganidan so‘ng, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyadagi ayrim mijozlar undan yuz o‘girgan.
“Forrester” tahlilchisi Dipanjan Chatterjee shunday deydi: “Elon Maskning shaxsiy imiji kompaniya brendini zararli darajaga tushirdi. Tesla endi o‘z rahbaridan ajralmas ‘zaharli’ brendga aylangan.”
Mask avtomobil emas, robotaksi va robotlarga e’tibor qaratmoqda
Mask kompaniyaning daromad hisobotini e’lon qilish chog‘ida ko‘proq elektromobillar emas, balki robotaksi (haydovchisiz taksilar), sun’iy intellektga asoslangan dasturlar va robotlar haqida gapirdi. Biroq bu yo‘nalishlardan hali sezilarli foyda olinmagan.
Tesla hozirda Texasning Ostin shahrida pulli robotaksi xizmatini sinovdan o‘tkazmoqda. Mask bu xizmat 2025-yil oxiriga borib AQSh aholisining yarmiga taqdim etilishini aytmoqda. Ammo ayrim sinovlarda transport noto‘g‘ri yo‘ldan ketgan holatlar ham kuzatilgan.
Tesla raqobatchilarga – xususan, Xitoyning BYD va Germaniyaning Volkswagen kompaniyalariga bozor ulushini boy bermoqda. Shu bilan birga, AQSh hukumati elektromobil xaridorlariga taqdim etilgan $7,500 miqdoridagi soliq imtiyozini bekor qildi. Bu esa Tesla sotuviga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Kelajak rejalari: Arzonroq model va robotlar
Mask savdoni jonlantirish uchun arzonroq elektromobil modelini 2025-yil oxirida bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda. Avval bu model iyun oyida chiqarilishi kerak edi.
Shuningdek, Tesla kelgusi besh yil ichida oyiga 100 ming dona "Optimus" nomli insonsimon robot ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda. Maskning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada robotlar kundalik hayotda shunchalik odatiy bo‘lib qoladiki, odamlar ularga hatto e’tibor ham bermaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!