date

Xitoyda birinchi bor Barbekyu instituti ochiladi

Xitoyda birinchi bor Barbekyu instituti ochiladi

Xitoyning Xunan provinsiyasidagi Yueyan shahrida mamlakat tarixida ilk marta shashlik sanoatiga ixtisoslashgan ta’lim muassasasi tashkil etiladi. Yangi institut Yueyan ochiq universiteti hamda shahar Barbekyu assotsiatsiyasi hamkorligida shahar hokimiyati ko‘magida ochiladi.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, mazkur ta’lim muassasasi barbekyu sohasini mutaxassislar orqali yanada rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish va hudud iqtisodiyotini mustahkamlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Yueyan ochiq universiteti partiya kotibi Yue Yanxua so‘zlariga qaraganda, institut faoliyati orqali mamlakatdagi barbekyu do‘konlari faqat ovqatlanish nuqtalari emas, balki yaxlit va mukammal tarmoqqa ega iqtisodiy zanjirga aylanishi rejalashtirilmoqda.

Aytish kerakki, Yueyan shahrida bugungi kunda 2000 dan ziyod barbekyu do‘konlari faoliyat yuritmoqda va ularda taxminan 50 ming kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. Sohaning yillik moliyaviy aylanmasi 2 milliard yuan, ya’ni taxminan 280 million dollarni tashkil qiladi.

Yueyan ochiq universiteti vitse-prezidenti Szyan Szunfuning ta’kidlashicha, yangi institut mahalliy yoshlarni ish bilan ta’minlash muammosini hal etishda muhim qadam bo‘ladi. Maktab va universitet bitiruvchilari orasida munosib ish topish borasida qiyinchiliklar mavjud. Barbekyu esa kirish uchun katta sarmoya talab qilmaydigan va daromad salohiyati yuqori bo‘lgan sohalardan biri hisoblanadi.

Mazkur tashabbus Xitoyda kasbiy ta’limga yangicha yondashuv sifatida baholanmoqda. Barbekyu endi faqat ovqat emas, balki zamonaviy iqtisodiyotning bir qismiga aylanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda birinchi bor Barbekyu instituti ochiladi