Isroil hukumatida G‘azo sektorining kelajagi va mintaqadagi vaziyat borasida jiddiy siyosiy tortishuvlar avj olmoqda. Isroilning nufuzli Haaretz gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, bosh vazir Binyamin Netanyahu harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasiga G‘azo sektorini bosqichma-bosqich to‘liq qo‘shib olish (anneksiya) rejasini rasman taqdim etish niyatida. Bu haqda nashr ishonchli manbalarga tayanib yozmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil rasmiylari HAMASga otishmani to‘xtatish uchun bir necha kun muhlat berayotganini e’lon qiladi. Agar ushbu shart qabul qilinmasa, dastlab bufer zonasidagi hududlar, so‘ngra esa Sderot va Ashkelon shaharlariga tutash G‘azo sektorining shimoliy qismi anneksiya qilinadi. Jarayon butun hudud qo‘shib olinmaguncha bosqichma-bosqich davom etadi.
Netanyahu vazirlarga bu strategik qarorni AQSHning Donald Tramp ma’muriyati qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi, deb xabar berdi Haaretz. Shuningdek, Isroil moliya vaziri va o‘ta o‘ng siyosatchi Betsalel Smotrich ushbu reja amalga oshirilsa, hukumatda qolishga tayyorligini bildirgan. Avvalroq, Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir agar HAMAS butunlay bartaraf etilmasdan otash to‘xtatilsa, hukumatni tark etish va koalitsiyani buzish bilan tahdid qilgan edi.
The Times of Israel gazetasi esa 12-kanal televideniyesiga tayanib, Isroil vazirlar mahkamasida G‘azo sektorini to‘liq bosib olish yoki shaharlarni blokadaga olish bo‘yicha bir nechta variant muhokama qilinayotganini ma’lum qildi. Televideniye manbalariga ko‘ra, harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasining qisqartirilgan formatdagi so‘nggi majlisida aynan shu masalalar birinchi darajada ko‘rib chiqilgan.
Mintaqadagi vaziyat yanada keskinlashar ekan, Isroilning bunday strategik qadamlari nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham jiddiy bahs va tahlillarga sabab bo‘lmoqda. Ekspertlar va siyosiy kuzatuvchilar esa, bu siyosiy jarayonlar qanday yakun topishini va mintaqada qanday o‘zgarishlar bo‘lishini katta qiziqish bilan kuzatishmoqda.
Isroil G‘azo sektorini anneksiya qilish rejasini muhokama qilmoqda
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar