Germaniyada bepul uy beriladigan ishning g‘ayrioddiy sharti ma’lum bo‘ldi

Germaniyada g‘ayrioddiy ish taklifi paydo bo‘ldi. Mamlakatning Bad-Vimpfen shahrida joylashgan qariyb 900 yillik tarixiy Ko‘k minoraga yangi qarovchi qidirilmoqda. Eng qizig‘i, ushbu lavozimni egallagan nomzodga minoraning o‘zida joylashgan 53 kvadrat metrli xonadon bepul taqdim etiladi. Biroq bo‘lajak xodim kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni mustaqil ravishda qoplashi kerak bo‘ladi.
Taxminan 1170 yilda barpo etilgan va balandligi qariyb 58 metrni tashkil etadigan Ko‘k minora shaharning eng muhim tarixiy ramzlaridan biri hisoblanadi. Ilgari u Shtaufenlar sulolasining imperatorlik qarorgohi tarkibiga kirgan bo‘lib, bugungi kunda ham tarixiy ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Yangi qarovchining vazifalari faqat minorada yashash bilan cheklanmaydi. U tarixiy obidaga keladigan sayyohlar va tashrif buyuruvchilarni kutib olishi, kirish chiptalarini sotishi hamda binoda tartib va xavfsizlikni nazorat qilishi lozim. Shuningdek, chiptalar savdosidan tushadigan daromadning ma’lum bir qismi qarovchining o‘ziga beriladi.
Minoradagi turar joy 53 kvadrat metr bo‘lib, unda bitta xona, oshxona va hammom mavjud. Biroq bu xonadonda yashashning o‘ziga xos qiyinchiliklari ham bor. Uyga yetib borish uchun har safar 134 ta zinapoyadan ko‘tarilishga to‘g‘ri keladi. Sababi tarixiy binoda lift o‘rnatilmagan.
Shu bois ish beruvchilar bo‘lajak nomzoddan yaxshi jismoniy tayyorgarlik, mas’uliyat, odamlar bilan xushmuomala munosabat o‘rnata olish va shahar tarixiga qiziqishni talab qilmoqda.
Hozirda Ko‘k minorada 75 yoshli Blanka Knodel qarovchi sifatida faoliyat yuritadi. U 1996 yildan buyon mazkur minorada istiqomat qilib, uning tarixiy qiyofasi va kundalik faoliyatini nazorat qilib kelmoqda. Qolaversa, u uch nafar farzandini ham aynan shu minorada tarbiyalab voyaga yetkazgan.
Blanka Knodel 2027 yil 10 yanvar kuni o‘z vazifasini yakunlaydi. Shu sababli yangi qarovchini topish va uni ishga tayyorlash rejalashtirilgan bo‘lib, nomzod 1 martga qadar aniqlanishi kutilmoqda.
Qayd etish joizki, Germaniyada tarixiy binolar bilan bog‘liq g‘ayrioddiy savdo va ish takliflari avval ham kuzatilgan. Masalan, yaqinda Saksoniya federal yeridagi Bad-Dyuben shahrida joylashgan 800 yillik Shnadits qasri atigi 1 yevroga sotuvga qo‘yilgan edi. Biroq bunday arzon narxning o‘ziga xos sharti bor: xaridor tarixiy inshootni qayta ta’mirlashi va tiklashi kerak. Mutaxassislar qasrni to‘liq ta’mirlash uchun taxminan 20 million yevro sarflanishini baholagan.
Bundan tashqari, Saksoniya-Anxalt hududidagi Tangerhyutte shahrida XIX asrda qurilgan sobiq zavod ham 1 yevroga auksionga chiqarilgan. 1842 yilda tashkil etilgan mazkur korxona o‘z vaqtida Yaponiya, Misr va Argentina kabi davlatlarga mahsulot eksport qilgan yirik ishlab chiqarish maskanlaridan biri bo‘lgan.
Biroq Germaniya Demokratik Respublikasi tugatilganidan keyin zavod o‘z faoliyatini to‘xtatib, asta-sekin tashlandiq holga kelgan. Uni sotib olishni istagan shaxs esa tarixiy binoga e’tibor qaratishi, xususan, fasadlarini mustahkamlashi va inshootni kelajak avlod uchun saqlab qolishi shart.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…