Yevropa qit’asida sog‘liqni saqlash sohasida jiddiy tashvish uyg‘otgan holat kuzatilmoqda. Yevropa Ittifoqi sog‘liqni muhofaza qilish idoralari ma’lum qilishicha, joriy yilning yoz oylarida G‘arbiy Nil hamda chikungunya virusi bilan kasallanganlar soni rekord darajaga yetib, so‘nggi uch yil ichida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichga aylandi. Bu haqda Kasalliklarni oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha Yevropa markazi (ECDC) rasman ma’lum qildi, deb yozdi report.az.
Eng ko‘p holatlar orasida 27 marta chikungunya virusi yuqishi aniqlangan bo‘lsa, G‘arbiy Nil virusiga bog‘liq 335 ta holat qayd etilgani ta’kidlanmoqda. Bu raqamlar Yevropada masala juda jiddiy tus olganini ko‘rsatadi.
ECDC direktori Pamela Rendi-Vagner ta’kidlashicha: “Yevropa yangi bir bosqichga qadam qo‘ymoqda. Chunki chivin orqali yuqadigan kasalliklarning ko‘lami tobora kengaymoqda, tarqalishi esa kuchayib, uzoq muddatli jarayonga aylanmoqda. Bu esa yangi odatiy holatga aylanishi ehtimoldan holi emas”.
Mutaxassislar ogohlantirishicha, iqlim o‘zgarishi natijasida qit’ada chivinlar mavsumi ancha uzayapti va kuchaymoqda. Haroratning ko‘tarilishi, qish faslining yumshoq kelishi va yog‘ingarchilik shakllarining o‘zgarishi chivinlar ko‘payishi uchun qulay muhit yaratayotgani aytiladi. Bu esa viruslar tez va keng tarqalishiga zamin yaratayotgan omillardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.
ECDC ma’lumotlariga ko‘ra, chikungunya isitmasi tarqatuvchi Osiyo yo‘lbars chivinlari hozirda Yevropaning 16 davlati va 369 hududida aniqlangan. Ta’kidlash joizki, 10 yil oldin bu ko‘rsatkich atigi 114 ta hudud bilan cheklangan edi. G‘arbiy Nil virusi esa har yili yangi hududlarda qayd etilmoqda.
2025 yilda virus Ruminiyaning Selaj grafligi hamda Italiyaning Latina va Frozinone viloyatlarida tarqalgani ma’lum qilindi. Bu hududlarda kamida 10 nafar inson virus oqibatida hayotdan ko‘z yumgani haqida ham xabar berilmoqda.
Ekspertlar ta’kidlashicha, chivinlar orqali tarqaladigan kasalliklar Yevropada endemik xususiyat kasb etishi mumkin. Bu esa nafaqat sog‘liqni saqlash tizimiga, balki butun qit’a aholisi turmush sifatiga ham katta xavf tug‘diradi.
Yevropada chivin orqali yuqadigan kasalliklar kengaymoqda
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar