AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni bartaraf etish borasida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muloqot va hamkorlik davom etmasa, Vashington tomonidan Moskvaga qarshi qo‘shimcha choralar qo‘llanilishi ehtimolini ochiq e’tirof etdi.
Ushbu bayonot 3 sentyabr kuni Oval kabinetda Polsha prezidenti Karol Navrotskiy bilan ikki tomonlama uchrashuvdan so‘ng berildi. Prezident nutqidan parchalar Oq uyning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
«Putin mening pozitsiyamni juda yaxshi biladi va u baribir bir qarorga kelishi shart, – dedi Tramp. – Qaror qanday bo‘lishidan qat’i nazar, biz yoki qabul qilamiz, yoki rad etamiz. Agar rad etsak, natijasini yaqin vaqtlarda o‘zingiz ko‘rasiz», — deya izoh berdi u.
Biroq Tramp shu bilan birga, rossiyalik hamkasbiga hozircha aniq murojaat yoki talab yo‘llanmaganini alohida qayd etdi.
Matbuot vakillaridan biri AQSH prezidentidan lavozimga kirishganidan beri Moskvaga nisbatan keskin choralar ko‘rilmagani haqida savol berdi.
«Siz Hindistonga qarshi joriy etilgan ikkilamchi sanksiyalarni hisobga olmayapsiz. Bu orqali Rossiya yuzlab milliard dollar yo‘qotdi. Siz bunga hamon harakatsizlik deysizmi? Men hali ikkinchi va uchinchi bosqichga o‘tganim yo‘q», — deb javob berdi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, bir kun avval Tramp Rossiya rahbaridan «hafsalasi chalg‘ib qolganini» yana bir bor ta’kidlagan, ammo bu norozilik aynan nimadan kelib chiqqanini ochiqlamagan edi.
Avvalroq esa Oq uydagi brifingda Tramp shunday degan: agar Ukrainadagi nizo borasida oldinga siljish kuzatilmasa, AQSH «boshqa yo‘nalishni tanlashi» mumkin. Prezidentning ta’kidlashicha, u hozir ham voqealar rivojini diqqat bilan kuzatmoqda va Ukrainadagi mojaro yuzasidan «juda qiziq ma’lumotlarni» qo‘lga kiritgan, ularni yaqin kunlarda e’lon qilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!