Los-Anjelesdagi Propstore auksionida “Yulduzli urushlar” filmida qo‘llanilgan Dart Veyderning mashhur nurli qilichi rekord narx — 3,6 million dollarga xarid qilindi.
Bu rekvizit “Imperiya orqaga zarba” va “Jediylarning qaytishi” epizodlarida foydalanilgan bo‘lib, uni Dart Veyder obrazini ijro etgan Devid Prus hamda uning dublyori Bob Anderson ishlatgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qilich franshizaning asl trilogiyasida kimoshdi savdosiga chiqarilgan yagona namunadir.
Auksionda shuningdek, Xarrison Ford “Indiana Jons va so‘nggi salib yurishi” filmida ishlatgan qamchi va kamari ham xaridor topdi. Bundan tashqari, aktyor Leonardo Di Kaprio “Bir vaqtlar Gollivudda” filmidagi qahramon Rik Dalton kiygan ryukzak va o‘t o‘chirgich uchun 346 ming dollar to‘landi.