O‘lik holda topilgan aktyor: sevgilisining gaplari shubha uyg‘otdi

Turk kino va teatrining taniqli vakillaridan biri, mashhur aktyor Serhat Mustafo Qilich joriy yilning 5 sentyabr kuni Istanbuldagi uyida o‘lik holda topilgan edi. Uning sevgilisi O‘zlem Esmergul prokuraturaga bergan ko‘rsatmasida politsiyadagi bayonotidan farqli ma’lumotlarni aytib, Qilich giyohvand moddalar va alkogol iste’mol qilganini tan oldi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Esmergul politsiyadagi ko‘rsatmasida Qilichda giyohvand moddalar va alkogolga qaramlik bo‘lmaganini bildirgan. Biroq prokuraturaga bergan ko‘rsatmasida aktyor giyohvand moddalar va alkogol iste’mol qilganini aytgan.
“Uni taniganimdan beri giyohvand moddalar va alkogol iste’mol qilganini bilaman. Bilishimcha, so‘nggi 6 oy davomida u kokain ham iste’mol qilgan. Uning dushmanlari yo‘q edi”, degan Esmergul.
U Qilichni 8 yildan beri bilishini, u bilan oxirgi marta 3 sentyabr kuni, voqeadan ikki kun oldin telefon orqali gaplashganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aktyor sog‘lig‘i sabab suratga olish maydoniga bora olmagani uchun ishtirok etayotgan serialida ishlashdan chetlatilgan.
Esmergulning aytishicha, Qilich sog‘lig‘i juda yomon ahvolda ekanini bildirgan. U suratga olishda qatnasholmagani uchun Esmergul va maydondagi do‘stlari bilan janjallashgan. Keyinchalik aktyor qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ygan. Biroq Esmergul uning fe’l-atvoriga ko‘ra, ranjigan odamlari bilan ba’zan 5–6 kun gaplashmasligini aytgani uchun dastlab bundan shubhalanmagan.
Esmergulning so‘zlariga ko‘ra, u 7 sentyabr kuni Qilichning oldiga borib, holidan xabar olishga qaror qilgan. Xonadonga zaxira kalit yordamida kirganida, polda singan tarelka bo‘laklari sochilib yotganini, uy ichi juda sovuq va konditsioner yoqilganini ko‘rgan. Qilichga qo‘l tekkizganida uning tanasi qotib qolganini sezib, politsiyaga xabar bergan.
Shuningdek, Esmergul Qilich so‘nggi vaqtlarda Istanbulning Shishli tumanidagi xususiy shifoxonada bo‘yin umurtqasi churrasi sabab davolanganini ma’lum qilgan. Aktyor shu kasalligi tufayli ishga bora olmagan va bo‘yin bog‘ich taqib yurgan.
Tergov doirasida Istanbul politsiya boshqarmasining hodisa joyini ko‘zdan kechirish bo‘limi xodimlari tayyorlagan bayonnoma ham ma’lum bo‘ldi. Unda xonadon joylashgan majmuada qo‘riqchi va kuzatuv kameralari borligi, kirish-chiqish nazorat qilinishi qayd etilgan. Xonadonning temir eshigida buzib kirilganlik izlari aniqlanmagan, yo‘lak va mehmonxonaga kirish qismida esa bir xil rang va naqshdagi tarelka bo‘laklari topilgan.
Mehmonxonadagi yog‘och jurnal stolida turgan metall qutidan giyohvand modda deb taxmin qilinayotgan yashil o‘simliksimon modda topilgan. Paket ichidan sigaret o‘rash qog‘ozi, matoli chemodandan esa qora qisqichli paketda shunga o‘xshash modda aniqlangan.
Chemodandan 200 turk lirasidan iborat 3 dona banknota ham topilgan. Ular naycha shaklida o‘ralgan bo‘lib, bayonnomada giyohvand moddalarni iste’mol qilishda foydalanilgan bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
Ayni vaqtda Serhat Mustafo Qilichning o‘limi yuzasidan tergov davom etmoqda.






























Izohlar 0
…