Boshqaning muvaffaqiyati munosabatlarga qanday ta’sir qiladi? Olimlar javob topdi

Olimlar insonlar yaqinlari yoki suhbatdoshlarining muvaffaqiyati va muvaffaqiyatsizligiga qanday munosabat bildirishini o‘rgandi. Tadqiqot Rays universiteti va Bayes Business School mutaxassislari tomonidan o‘tkazilib, unda jami 8229 nafar kishi ishtirok etgan 9 ta tadqiqot natijalari tahlil qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, suhbatdoshi o‘zining muvaffaqiyatsizligi haqida gapirsa, odamlar ham o‘z omadsizliklari bilan bo‘lishishga ko‘proq moyil bo‘ladi. Aksincha, boshqa inson yaxshi yangilik yoki muvaffaqiyatini aytganida, ular o‘z yutuqlarini darhol baham ko‘rishdan ko‘ra ehtiyotkorroq harakat qiladi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, insonlar o‘zlari haqida qanday taassurot qoldirishni o‘ylabgina emas, balki suhbatdoshining his-tuyg‘ularini ranjitmaslik uchun ham o‘zlari haqidagi ma’lumotni moslashtiradi.
Tadqiqotlardan birida ishtirokchilarning 87 foizi hamkasbi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytganidan so‘ng o‘zining shunday tajribasi bilan bo‘lishishini bildirgan. Boshqa tomondan, suhbatdoshi muvaffaqiyati haqida gapirganida, ishtirokchilarning 70 foizi o‘z yutug‘i bilan bo‘lishishga tayyor bo‘lgan.
Bu farq ayniqsa ishtirokchilarga yoqadigan insonlar bilan muloqotda yaqqol namoyon bo‘lgan. Suhbatdoshi muvaffaqiyatsizlikka uchraganida, odamlar uni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zlarining shunga o‘xshash tajribalarini aytishga harakat qilgan. Aksincha, suhbatdoshi muvaffaqiyatga erishganida, ular o‘zlarining yaxshi yangiliklarini yumshatib yetkazgan, keyinroq aytgan yoki umuman sir saqlagan.
Yakuniy onlayn tajribada esa har ikki kishi ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan holatda ishtirokchilarning 96 foizi o‘z tajribasi bilan bo‘lishgan. Har ikki tomon ham muvaffaqiyatga erishganida esa bu ko‘rsatkich 73 foizni tashkil etgan.
Tadqiqotchilar hozircha bunday yondashuvlar suhbatdoshni haqiqatdan ham qo‘llab-quvvatlashga qanchalik yordam berishini aniq bilmaydi. Kelgusidagi tadqiqotlarda insonlarning boshqalarga o‘z muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizliklari haqida ataylab gapirishiga suhbatdoshlar qanday munosabat bildirishi o‘rganiladi.






























Izohlar 0
…