date

Tramp Putinni urushni to‘xtatishga ko‘ndirishiga ishonmay qola boshladi

Tramp Putinni urushni to‘xtatishga ko‘ndirishiga ishonmay qola boshladi

AQSH prezidenti Donald Tramp so‘nggi kunlarda Rossiya rahbari Vladimir Putinni Ukrainadagi qonli mojaroni to‘xtatishga rozi qilish imkoniyatiga jiddiy shubha bilan qaray boshladi. Bu haqda G‘arbdagi bir qator nufuzli nashrlar ma’lumot tarqatdi.

Avvalroq u bir necha marta jamoat oldida urushni qisqa muddatda bartaraf etishga va’da bergandi. Biroq endilikda Tramp muzokaralar orqali Putinni murosaga chorlay olmasligini tan olishga majbur bo‘lgani aytilmoqda. Axios nashri yozganidek, Oq uy rahbari o‘z maslahatchilariga Kreml rahbarining tinchlik muzokaralariga oid niyatini noto‘g‘ri baholaganini ochiq bildirgan.

Tramp bir necha bor agar Ukrainada otishmalar to‘xtamasa, Rossiyaga nisbatan qattiq choralar ko‘rilishi mumkinligini ta’kidladi. Yaqinda u Truth Social orqali qilgan chiqishida Vashington Moskvaga qarshi yangi va qaqshatqich sanksiyalar joriy etishga tayyorligini ma’lum qildi. Biroq buning uchun NATO davlatlari ham qat’iy qadam tashlab, Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishi shartligini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra:

— Bu Trampning urushi emas (men prezident bo‘lganimda bunday urush boshlanmagan bo‘lardi!), balki Bayden va Zelenskiyning urushi. Men faqat uni to‘xtatishga va minglab rossiyalik hamda ukrainaliklarning hayotini asrab qolishga harakat qilyapman. (Bir haftada 7118 kishi halok bo‘ldi. Bu aqlbovar qilmas fojea!) Agar NATO men aytgandek yo‘l tutsa, urush tez orada tugaydi. Aks holda, mening vaqtim ham, Amerika resurslari ham zoye ketadi.

14-sentyabr kuni u jurnalistlar bilan muloqotda ham Yevropaning pozitsiyasiga e’tibor qaratdi. Tramp Yevropa hali ham Rossiyadan neft sotib olayotganini tanqid qildi va ular Vashingtonga hamohang tarzda sanksiyalarni kuchaytirishi kerakligini qayd etdi.

Prezidentlik saylovi vaqtida Tramp 24 soat ichida urushga barham berishga va’da qilgandi. Shu maqsadda u Putin bilan bir necha bor telefon orqali suhbatlashdi. Keyinroq, 15-avgust kuni Alyaskada yuzma-yuz uchrashuv ham o‘tkazildi. Qariyb 3 soat davom etgan muzokaralardan so‘ng esa amaliy natija kuzatilmadi. Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga oid hatto vaqtinchalik kelishuv ham tuzilmadi.

Trampning o‘zi uchrashuvdan keyin ijobiy fikr bildirdi va Fox News efirida Putin bilan muloqotni 10 ballik tizimda eng yuqori baholashini aytdi. Ammo ko‘plab tahlilchilar Alyaska sammitini Oq uy uchun mag‘lubiyat, Kreml uchun esa siyosiy g‘alaba sifatida talqin qilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda Trampning “Putin aqldan ozgan!”, “Undan hech qanday umid qolmadi” degan bayonotlari esa Rossiya rahbariga ta’sir ko‘rsata olmayotganini anglatmoqda.

Shu tariqa, Trampning boshlang‘ichdagi ishonchli va’dalaridan so‘ng Kreml bilan kelishuv topish imkoniyati tobora sustlashayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Putinni urushni to‘xtatishga ko‘ndirishiga ishonmay qola boshladi