Novosibirsk shahridagi R. A. Shilo nomidagi yirik hayvonot bog‘ida yong‘in sodir bo‘ldi. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, voqea vaqtida ikki bino butunlay yongan.
Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, yong‘in bog‘ning orqa qismida, qurilish ishlari olib borilayotgan hududda kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Hodisa joyiga favqulodda xizmatlar tezkorlik bilan yetib kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inni bartaraf etish uchun 30 dan ziyod o‘t o‘chiruvchi va 10 ta texnika jalb etilgan.
“Baza” Telegram kanali xabaricha, yong‘in ayrim hayvonlar saqlanadigan joylarga ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, yovvoyi buqa, echki va sika kiyiklari joylashgan hudud zarar ko‘rgani aytilmoqda. Ayrim hayvonlar nobud bo‘lgani haqida ham ma’lumotlar tarqalgan, ammo bu hozircha rasmiy ravishda tasdiqlanmagan. Zoobog‘ atrofida yashovchi aholi esa hayvonlarning qichqiriq ovozlarini eshitganini ma’lum qilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, tezkor harakatlar natijasida yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Ma’lumot uchun, Shilo nomidagi Novosibirsk hayvonot bog‘i Rossiyadagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Bu yerda 12 mingdan ortiq hayvon saqlanadi, ular 790 turni tashkil etadi. Shu jumladan, 350 dan ortiq tur Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!