San-Paulu universiteti astronomlari Venera orbitasi atrofida harakatlanuvchi va zamonaviy teleskoplarda deyarli ko‘rinmaydigan asteroidlar guruhini topishdi. Bu haqda Astronomy & Astrophysics jurnali ma’lum qildi.
Mutaxassislar ularni “Venera ko-orbital asteroidlari” deb ataydi. Ular sayyora atrofida noaniq trayektoriya bo‘ylab harakat qiladi va har 12 ming yilda xavfsiz holatdan Yer uchun tahdidli holatga o‘tishi mumkin.
Olimlarning ta’kidlashicha, aylanma orbitadagi bunday obyektlar eng katta xavf tug‘diradi. Chunki ular Quyoshga yaqinligi sababli teleskoplarda kuzatish uchun eng qiyin hisoblanadi.
Tadqiqot muallifi Valerio Karrubaning aytishicha, “Diametri 300 metr bo‘lgan asteroid 4,5 kilometrgacha krater hosil qilishi va yuzlab megatonna energiya chiqarishi mumkin. Agar aholi yashaydigan hududga yiqilsa, oqibatlari fojeali bo‘ladi”.
Ma’lum bo‘lishicha, hatto eng zamonaviy rasadxonalar ham bunday asteroidlarni yiliga faqat bir-ikki hafta kuzata oladi. Shu bois olimlar Quyosh atrofidagi fazoni kuzatish uchun maxsus kosmik teleskoplarni ishga tushirish g‘oyasini ilgari surmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!