Asteroidni yadroviy portlash bilan parchalash taklif qilindi

Xitoylik olimlar diametri qariyb 100 metr bo'lgan asteroid yo'nalishini yadroviy qurilma yordamida o'zgartirish yoki uni parchalash usulini taklif qildi. Raketa tashuvchi texnologiyalar akademiyasi tadqiqotchilari modellashtirish orqali qurilmani asteroid yuzasidan taxminan 30 metr chuqurlikda portlatish samaraliroq bo'lishini aniqladi.
Yerga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan yirik asteroidlarni zararsizlantirishning yangi usuli taklif qilindi. Xitoylik olimlar diametri qariyb 100 metr bo‘lgan asteroidga yadroviy qurilma yordamida ta’sir ko‘rsatish orqali uning yo‘nalishini o‘zgartirish yoki parchalash mumkinligini o‘rgandi. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Xitoyning Raketa tashuvchi texnologiyalar akademiyasi tadqiqotchilari turli ssenariylarni kompyuter modellashtirish orqali sinovdan o‘tkazgan. Ularning xulosasiga ko‘ra, avval asteroid yuzasida chuqurroq krater hosil qilish, keyin esa qurilmani shu hududga joylashtirish portlash samaradorligini oshirishi mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yadroviy qurilmani asteroid yuzasidan taxminan 30 metr chuqurlikda portlatish uning harakat yo‘nalishini o‘zgartirishda sayozroq portlashga nisbatan ancha samarali bo‘ladi. Tadqiqotda quvvati Xirosima bombasiga teng bo‘lgan 200 ta qurilma qo‘llanganda, diametri 100 metr atrofidagi asteroidni parchalash imkoniyati ham ko‘rib chiqilgan.
Olimlarning fikricha, bunday texnologiya Yerga xavfli asteroid qisqa muddat ichida yaqinlashib kelgan holatlarda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Chunki ayrim vaziyatlarda asteroidni boshqa usullar yordamida xavfsiz yo‘nalishga burish uchun yetarli vaqt bo‘lmasligi ehtimoli mavjud.
Asteroidlarni himoyalash borasida boshqa amaliy tajribalar ham o‘tkazilgan. Masalan, NASAning 2022 yildagi DART missiyasi davomida kosmik apparat asteroidga urdirilib, uning orbitasi muvaffaqiyatli o‘zgartirilgan.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar yadroviy usul hozircha nazariy va modellashtirish bosqichidagi yondashuv ekanini ta’kidlamoqda. Yangi tadqiqot esa kelajakda Yerga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan yirik osmon jismlaridan himoyalanish texnologiyalarini takomillashtirishga xizmat qilishi mumkin.






























Izohlar 0
…