date

Uranning Ariel yo‘ldoshida ulkan muzli okean izlari topildi

Uranning Ariel yo‘ldoshida ulkan muzli okean izlari topildi

Uran sayyorasining Ariel nomli yo‘ldoshidagi muz qoplami ostida suyuq suv mavjud bo‘lishi mumkinligi haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Olimlar o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, bu yerdagi okean Yerdagi Tinch okeaniga nisbatan o‘nlab marta chuqurroq bo‘lishi ehtimol qilinmoqda. Ushbu ilmiy izlanishning tafsilotlari xalqaro “Icarus” jurnalida e’lon qilindi.

Ariel – Uranning eng yorqin va to‘rtinchi yirik yo‘ldoshi hisoblanadi. Uning yuzasi qadimiy kraterlar bilan qoplangan bo‘lib, ayrim hududlari nisbatan yangiroq tuzilishga ega. Mutaxassislar bu o‘zgarishlar muzli vulqonlar otilishi natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Shuningdek, yo‘ldosh yuzasidagi turli yoriqlar, tizmalar va grabenlar ichki bosim va tashqi kuchlanishlar ta’sirini ko‘rsatadi.

Mutaxassislar Arielning orbital harakatidan kelib chiqadigan to‘lqin kuchlanishi modellarini yuzadagi geologik xaritalar bilan solishtirib, qator xulosalarga kelishdi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘tmishda yo‘ldoshning orbita ekssentrikligi hozirgidan 40 martaga yaqin yuqori bo‘lgan. Bu esa agar muz ostida okean mavjud bo‘lsa, uning bosimi yuzani deformatsiyaga uchratib, katta yoriqlar paydo qilish imkoniga ega bo‘lgan.

Hisoblashlarga ko‘ra, Arieldagi okean chuqurligi 170 kilometrga yetishi mumkin. Solishtirish uchun aytish joizki, Yerdagi Tinch okeanining o‘rtacha chuqurligi atigi 4 kilometrni tashkil etadi. Bunday ko‘rsatkichlar Arielni Quyosh tizimidagi eng noyob yo‘ldoshlardan biriga aylantiradi.

Shuningdek, ushbu tadqiqotchilar guruhi avvalroq Uranning boshqa yo‘ldoshi – Mirandada ham muz osti okeanlari bo‘lishi mumkinligini ilgari surgan edi. Jon Xopkins universiteti Amaliy fizika laboratoriyasi olimlaridan biri Tom Nordxaymning ta’kidlashicha:

“Biz Uran tizimida global okeanlar mavjudligini ko‘rsatuvchi dalillarni tobora ko‘proq topmoqdamiz. Bu esa Quyosh tizimidagi suv resurslari haqidagi qarashlarimizni kengaytiradi”.

Hozircha insonlar Ariel va Mirandaning faqat janubiy yarimsharlarini kuzata olgan. Kelgusida amalga oshiriladigan maxsus missiyalar ushbu yo‘ldoshlarda okeanlar haqiqatan mavjudligini tasdiqlashi va ularning evolyutsiya jarayonlarini o‘rganish imkonini berishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Mars sayyorasida uzunligi 15 ming kilometrgacha cho‘zilgan qadimiy daryo izlari aniqlangani haqida ham xabar qilingan edi. Bu topilmalar insonzotning kosmos va suv resurslariga oid bilimlarini yanada boyitmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Uranning Ariel yo‘ldoshida ulkan muzli okean izlari topildi