AQSHning Kaliforniya shtati San-Bruno shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan taksi politsiya tomonidan to‘xtatildi. Ammo tajribali inspektorlar hayratga tushdi — transport vositasi Waymo kompaniyasiga tegishli o‘zini o‘zi boshqaruvchi haydovchisiz taksi bo‘lib chiqdi. Bu haqda The Guardian nashri ma’lum qildi.
Huquq-tartibot organlari ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan xabarda aytilishicha, reyd davomida politsiya mast haydovchilarni tekshirayotgan paytda taksi svetoforning qizil chirog‘ida burilish sodir etgan. Shu bois jarima tayyorlanishi kutilgan edi, ammo qonunchilikda “robot”lar yoki haydovchisiz tizimlarga nisbatan jarima qo‘llash tartibi mavjud emasligi bois hujjat rasmiylashtirilmadi.
Politsiya nosozlik haqida Waymo kompaniyasiga rasmiy ravishda ma’lum qildi va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun transport vositalari qayta dasturlashtirilishini umid qilishayotganini bildirdi.
Kompaniya esa voqeaga munosabat bildirib, uning avtonom boshqaruv tizimi yo‘l harakati qoidalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilganini, xavfsizlikka jiddiy e’tibor qaratilishini va mazkur vaziyat chuqur o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Muttaxassislar ta’kidlashicha, bu holat haydovchisiz texnologiyalarning taraqqiyoti bilan bir qatorda, huquqiy sohada ham yangi qoidalar va me’yorlarni ishlab chiqish zarurligini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!