Yangi Jeyms Bond rolini kim ijro etadi?

Amazon MGM Studios yangi Jeyms Bond rolini britaniyalik aktyor Robert Pattinsonga ishonib topshirdi. Shu tariqa aktyor mashhur 007-agent obrazini gavdalantiradigan navbatdagi san’atkorga aylandi. Bu haqda studiyaning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yangi Bond filmi rejissyori Denis Vilnyov bo‘ladi. Ssenariyni esa «O‘tkir soyabonlar» seriali muallifi sifatida tanilgan Stiven Nayt yozadi. Filmning prodyuserlari Emi Paskal va Devid Xeyman, ijrochi prodyuseri esa Tanya Lapuant bo‘ladi.
Jeyms Bond roliga nomzod sifatida bir qancha aktyorlarning nomi tilga olingan. Ular orasida Josh O'Konnor, Kallum Tyorner va Jek Louden kabi ijrochilar ham bor edi. Biroq yakunda Robert Pattinson tanlandi.
Ma’lumot uchun, avvalgi Jeyms Bond — Deniyel Kreyg 2006 yilda «Kazino Royal» filmi bilan ushbu obrazni gavdalantirishni boshlagan. U 2021 yilda namoyish etilgan «O‘lim vaqti emas» filmigacha jami beshta kartinada 007-agent rolini ijro etgan.
Yan Fleming tomonidan yaratilgan britaniyalik maxfiy agent obrazini rasmiy filmlar turkumida shu vaqtgacha Shon Konneri, Jorj Lezenbi, Rojer Mur, Timoti Dalton, Pirs Brosnan va Deniyel Kreyg gavdalantirgan. Robert Pattinson esa ushbu roldagi yettinchi aktyor bo‘ladi.
1986 yil 13 mayda Londonda tug‘ilgan Robert Pattinson «Garri Potter va olov kosasi» filmidagi Sedrik Diggori obrazi orqali keng auditoriyaga tanilgan. Keyinchalik «Sumerki» filmlar turkumida vampir Edvard Kallen rolini ijro etib, xalqaro shuhrat qozongan.
Aktyor «Mayak», «Tenet», «Betmen» va boshqa mashhur filmlarda ham suratga tushgan. Shuningdek, Kristofer Nolan rejissyorligidagi «Odisseya» kartinasida ham rol ijro etgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar































Izohlar0
…