Yaponiyada ikkinchi poytaxt tashkil etilishi mumkin: qonun qabul qilindi

Yaponiyada kelajakda mamlakat uchun ikkinchi poytaxt tashkil etilishi mumkin. 24 iyul kuni mamlakat parlamenti favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda Tokioga zaxira ma’muriy markaz yaratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda Kyodo agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tashabbus Yaponiya hukumatining mamlakat g‘arbida joylashgan Osakani Tokio kabi yirik megapolisga aylantirish rejalariga qo‘shimcha turtki berishi mumkin. Shu bilan birga, qonun davlat boshqaruvini yanada samarali tashkil etish va hokimiyatni detsentralizatsiya qilishga qaratilgan.
Hukmron blok taklif etgan qonun loyihasi muxolifat tomonidan keskin tanqid qilindi. Ularning fikricha, hujjat asosan Bosh vazir Sanae Takaiti boshchiligidagi Liberal-demokratik partiyaning koalitsiyadagi hamkori — Osakada joylashgan Yaponiya innovatsiyalar partiyasi manfaatlarini ko‘zlab tayyorlangan.
Qonun qabul qilinishi oldidan parlamentda qizg‘in bahslar kechdi. Muxolifat mahalliy saylovlar va referendumlarni bir kunda o‘tkazishni taqiqlashni talab qildi. Ular bu saylovchilarning ovoz berish qarorlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.
Bu bahslarga, xususan, Osaka gubernatori Xirofumi Yosimura kelasi bahorda uchinchi referendumni gubernatorlik saylovlari bilan bir kunda o‘tkazish niyati haqidagi bayonoti ham sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Osakani megapolisga aylantirish bo‘yicha avvalgi ikki urinish — 2015 va 2020 yillardagi referendumlar kichik ovoz farqi bilan rad etilgan edi. Keyinchalik hukmron blok ayrim yon berishlarga rozi bo‘lgach, muxolifat qonun loyihasini ovozga qo‘yishga rozilik berdi.
Yangi qonunga muvofiq, Bosh vazir aholi soni va iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha belgilangan talablarga javob beradigan prefekturalar arizalari asosida zaxira poytaxt maqomini berishi mumkin.
Hujjat Liberal-demokratik partiya, uning koalitsiyadagi hamkorlari va bir qator boshqa siyosiy kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi hamda 123 nafar deputatning ovozi bilan qabul qilindi, 121 nafar deputat esa unga qarshi ovoz berdi.
Ma’lumot uchun, dunyoda ikki yoki undan ortiq poytaxtga ega davlatlar ham mavjud. Masalan, Niderlandiyada Amsterdam rasmiy poytaxt bo‘lsa, parlament va hukumat Gaaga shahrida joylashgan. Boliviyada Sukre rasmiy poytaxt hisoblansa, hukumat va parlament La-Pasda faoliyat yuritadi. Shuningdek, Chili, Malayziya, Shri-Lanka, Kot-d'Ivuar, Benin, Esvatini va Burundi kabi mamlakatlarda ham davlat boshqaruvi bir nechta shahar o‘rtasida taqsimlangan.
Dunyoda uchta rasmiy poytaxtga ega yagona davlat — Janubiy Afrika Respublikasi hisoblanadi. Unda Pretoriya ijroiya, Keyptaun qonun chiqaruvchi, Blumfonteyn esa sud hokimiyati markazi vazifasini bajaradi.






























Izohlar 0
…