Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Parijdagi Luvr muzeyida yuz bergan yirik o‘g‘irlik haqida o‘z munosabatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu holat Fransiyaning umumiy holatini, ya’ni davlat tizimi va jamiyatdagi inqirozni yaqqol namoyon etadi.
«Luvrda bo‘lgan o‘g‘irlik men uchun hech qanday hayratli voqea emas. Bu — bir paytlar buyuk bo‘lgan mamlakatning tanazzul bosqichiga kirganini ko‘rsatadi. Bu yerda hukumat haqiqiy muammolarni hal qilish o‘rniga, odamlarni uydirma xavf-xatarlar bilan chalg‘itishga ko‘proq vaqt sarflamoqda», – deb yozdi Durov o‘z sahifasida.
Tadbirkor fikricha, Luvrdagi voqea faqat madaniy yo‘qotish emas, balki Fransiyadagi xavfsizlik tizimining zaiflashganidan va jamiyatda ishonchning susayganidan darak beradi. Unga ko‘ra, bu holat mamlakatdagi davlat boshqaruvi tizimining chuqur muammolarini ham ochib bergan.
Shu bilan birga, Pavel Durov voqeaga hazil bilan munosabat bildirib, “o‘g‘irlangan zeb-u-ziynatlarni sotib olib, ularni Luvrga qaytarishga tayyorman”, deb yozgan. U bu so‘zlar orqali Abu-Dabidagi Luvrni nazarda tutganini qo‘shimcha qildi va: «Chunki u yerdan hech kim hech narsa o‘g‘irlay olmaydi», – deb qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, 19-oktyabr kuni noma’lum shaxslar Parijdagi Luvr muzeyiga ishchi qiyofasida kirib, Napoleon davriga tegishli zeb-ziynatlar va 9 ta qadimiy eksponatni o‘g‘irlab ketishgan. Fransiya Madaniyat vazirligi buni milliy madaniy merosga qarshi jinoyat sifatida baholagan va tergovni xalqaro darajaga chiqargan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!