Fermer ChatGPTda o‘g‘lini o‘ldirish rejasini yozgani uchun hibsga olindi

Fermer ChatGPTda o‘g‘lini o‘ldirish rejasini yozgani uchun hibsga olindi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Braziliyada 36 yoshli fermer sakkiz yoshli o‘g‘lini o‘ldirish va boshqa odamlarga hujum qilish rejalari haqida ChatGPT bilan yozishmalari aniqlangach, hibsga olindi.
  • OpenAI foydalanuvchining yozishmalariga e’tibor qaratib, vaziyat haqida AQSH Federal qidiruv byurosiga xabar bergan, so‘ngra Amerika tomoni Braziliya rasmiylarini xabardor qilgan.

Braziliyada 36 yoshli fermer sakkiz yoshli o‘g‘lini o‘ldirish va boshqa odamlarga hujum qilish mavzularida qariyb ikki oy davomida ChatGPT bilan yozishganidan so‘ng hibsga olindi. Politsiya talqiniga ko‘ra, mazkur yozishmalar ehtimoliy jinoyatlarga tayyorgarlik ko‘rilganini ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda BBC Braziliya xizmati xabar berdi.

OpenAI foydalanuvchining yozishmalariga e’tibor qaratib, vaziyat haqida AQSH Federal qidiruv byurosiga xabar bergan. Shundan keyin Amerika tomoni Braziliya rasmiylarini xabardor qilgan. Politsiya fermerni 19 iyun kuni qo‘lga olgan.

Hududiy kiberjinoyatlarga qarshi kurash bo‘linmasi rahbari Brennu Andradening ta’kidlashicha, bolaga nisbatan ehtimoliy tahdid mavjudligi sabab ishga yuqori ustuvorlik berilgan.

Tergovchilarning ma’lum qilishicha, erkak ChatGPT bilan suhbatlarida nafaqat o‘g‘lini o‘ldirish haqida, balki maktablar, cherkovlar va politsiya xodimlariga ehtimoliy hujum uyushtirish masalasida ham yozishgan. Shuningdek, u xavfli moddalar haqida ma’lumot izlagan.

Uyidan shubhali buyumlar topilgan

Fermerning uyida o‘tkazilgan tintuv vaqtida politsiya bir qator shubhali buyumlar va moddalarni aniqlagan. Hozir ular ekspertlar tomonidan tekshirilmoqda.

Tergovchilar gumondorning mobil telefonini ham o‘rganmoqda. Ular yozishmalarda tilga olingan rejalarni amalga oshirish uchun biror amaliy harakat qilingan-qilinmaganini aniqlashga harakat qilyapti.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, erkak o‘g‘li bilan kam muloqot qilgan va asosan aliment to‘lab kelgan. Tergovchilar aliment to‘lovlaridan norozilik ehtimoliy motivlardan biri bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmayapti. Biroq hozircha bu borada yakuniy xulosa berilmagan.

Fermer ayblovlarni rad etmoqda

Fermerning o‘zi o‘g‘liga zarar yetkazish niyati bo‘lmaganini bildirgan. Uning advokati esa ChatGPT bilan bo‘lgan suhbatlar faqat provokatsion tarzda olib borilganini, amalda hech qanday real harakat sodir etilmaganini ta’kidlamoqda.

Erkak 54 kun hibsda saqlangan va 13 avgust kuni ozod qilingan. Hozircha unga rasman ayblov qo‘yilmagan, tergov jarayoni esa davom etmoqda.

Ozodlikka chiqqanidan keyin unga elektron bilaguzuk taqib yurish talabi qo‘yilgan. Shuningdek, u o‘g‘li va bolaning onasi bilan muloqot qilmasligi kerak.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar