Sun’iy intellekt 20 yil oldin o‘g‘irlangan noyob asarni topdi

Sun’iy intellekt 20 yil oldin o‘g‘irlangan noyob asarni topdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Italiya politsiyasi 2004 yilda Sulmona shahridagi cherkovdan o‘g‘irlangan XVII asrga oid noyob kartinani sun’iy intellekt yordamida topdi.
  • O‘g‘rilar asarning diniy mazmunini yashirish uchun unga o‘zgartirishlar kiritgan bo‘lsa-da, maxsus tizim rasmning asl qiyofasini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.
  • Mazkur natijaga 2024 yil oktyabr oyida Parma shahrida o‘tkazilgan ko‘rgazma-yarmarka davomida erishildi.

Italiya politsiyasi sun’iy intellekt yordamida 2004 yilda cherkovdan o‘g‘irlangan XVII asrga oid noyob kartinani topishga muvaffaq bo‘ldi. E’tiborlisi, o‘g‘rilar asarning asl qiyofasini yashirish maqsadida unga o‘zgartirishlar kiritgan bo‘lsa-da, maxsus sun’iy intellekt tizimi rasmning dastlabki ko‘rinishini aniqlay oldi.

Kartina 2004 yil 11 avgust kuni Neapol yaqinidagi Sulmona shahrida joylashgan Virgo Potens cherkovidan o‘g‘irlangan edi. Keyinchalik uning haqiqiy shaxsini yashirish uchun tasvir qayta ishlangan. Jumladan, diniy ramzlar olib tashlangan yoki o‘zgartirilgan va asar oddiy yosh ayol portretiga o‘xshatib qo‘yilgan.

Shunga qaramay, sun’iy intellekt tizimi kartinadagi ranglar, naqshlar va kompozitsiya o‘rtasidagi o‘xshashliklarni aniqladi. Asarning asl diniy mazmunini ifodalovchi oq qo‘zi, muqaddaslik belgisi bo‘lgan nimb va palma shoxi kabi muhim detallar o‘zgartirilgan yoki butunlay o‘chirilganiga qaramasdan, tizim uning dastlabki ko‘rinishiga oid belgilarni topishga muvaffaq bo‘ldi.

Muhim natijaga 2024 yil oktyabr oyida Italiyaning Parma shahrida o‘tkazilgan antikvariat buyumlarining an’anaviy ko‘rgazma-yarmarkasi davomida erishildi. O‘sha paytda politsiya xodimlari turli san’at asarlarini suratga olib, ularni maxsus ma’lumotlar bazasiga kiritayotgan edi. Bir necha soat o‘tgach, sun’iy intellekt tizimi qo‘lida qog‘oz varag‘ini ushlab turgan yosh ayol tasvirlangan shubhali kartinani aniqladi.

Keyingi tekshiruvlar natijasida ushbu asar aslida 20 yil avval cherkovdan o‘g‘irlangan muqaddas Agnes tasviri ekani ma’lum bo‘ldi. O‘g‘rilar kartinaning diniy mazmunini yashirish va uning asl kelib chiqishini bildirmaslik uchun tasvirni ataylab o‘zgartirgan edi.

Italiya politsiyasi o‘g‘irlangan san’at asarlarini aniqlashga qaratilgan sun’iy intellekt tizimini ishlab chiqishni 2020 yilda boshlagan. Stolen Works of Art Detection System deb nomlangan ushbu tizim esa 2023 yil noyabr oyida rasman ishga tushirilgan.

Tizim faoliyati boshlanganidan buyon 300 dan ortiq yirik o‘g‘irlangan san’at asari va haykalni, shuningdek, boshqa turdagi 165 mingdan ziyod buyumni topishga yordam bergan. Ular orasida tangalar, medallar, xatlar, qo‘lyozmalar, diniy buyumlar, markalar va turli kartochkalar ham bor.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aniqlangan va qaytarib olingan barcha buyumlarning umumiy qiymati 203 million yevrodan oshadi. Bundan tashqari, tizim internetdagi ochiq manbalar, onlayn auksionlar va tijorat veb-saytlarida joylashtirilgan tasvirlarni ham muntazam ravishda tahlil qiladi. Bu orqali o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan buyumlarni aniqlash va ularning iziga tushish imkoniyati yaratiladi.

Mutaxassislar sun’iy intellekt o‘g‘irlangan san’at asarlarini qidirish va ularni aniqlashda samarali vositaga aylanganini ta’kidlamoqda. Biroq ularning fikricha, bu texnologiya inson omiliga asoslangan tergov jarayonlari va davlatlar o‘rtasidagi huquqiy hamkorlikning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Shuningdek, sifatsiz suratlar, asarlarning nusxalari va uch o‘lchamli buyumlarni aniqlash hanuz texnologiya uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Oradan 20 yildan ortiq vaqt o‘tgani sababli, mazkur kartinaning o‘g‘irlanishi bo‘yicha endi huquqiy jarayonlarni boshlash imkoni qolmagan. Shunga qaramay, asar 2025 yil 20 may kuni cherkovga qaytarilgan. Endi uni qayta tiklash ishlari amalga oshirilishi, shundan so‘ng esa kartina avvalgi joyiga qo‘yilib, yana namoyish etilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar