
29 dekabr kuni Afg‘onistonning Balx viloyati Hayraton shahrida O‘zbekiston rahbariyati nomidan afg‘on xalqiga navbatdagi gumanitar yordamni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, umumiy og‘irligi qariyb 390 tonnani tashkil etgan gumanitar yuk “Termez Cargo Centre” maydonchasida shakllantirilgan. Yordam tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar hamda tibbiy uskunalar kiritilgan.
Gumanitar yuk bilan tanishish jarayonida Balx viloyati hokimi M. Vafo Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatilayotgan doimiy yordam uchun O‘zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorlik bildirdi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston rahbariyatining afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil siyosati ifodasi ekani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, mazkur gumanitar aksiya 2025 yil davomida Afg‘onistonga yo‘naltirilgan to‘rtinchi yordam hisoblanadi.
Shuningdek, Balx viloyati rahbari O‘zbekiston tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda afg‘on mahsulotlari eksporti hajmi sezilarli oshgan, bu esa mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy sharoit va aholi farovonligi yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.