AQSHda samolyot gavjum avtomobil yo‘liga qo‘ndi (video)

AQSHning Jorjiya shtatida joylashgan Geynsvill shahrida bir dvigatelli yengil samolyot majburiy tarzda avtomobil yo‘liga qo‘nishga majbur bo‘ldi. Oqibatda ikki nafar fuqaro turli darajada jarohat oldi. Bu haqda The New York Post nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Hawker Beechcraft BE-36 rusumli havo kemasining dvigateli uchish jarayonida, ya’ni Geynsvill aeroportidan ko‘tarilayotgan paytda ishdan chiqqan. Shundan so‘ng ekipaj vaziyatni inobatga olgan holda samolyotni shahar ichidagi gavjum avtomobil chorrahasiga qo‘ndirishga qaror qilgan.
Qayd etilishicha, qo‘nish jarayonida samolyot uchta avtomashinaga tegib ketgan. Shuningdek, u yo‘l chetida turgan avtomobillardan birining orqa qismida joylashgan yoqilg‘i bakiga urilib, uni shikastlagan.
Geynsvill shahar politsiyasi kapitani Kevin Holbrukning ma’lum qilishicha, samolyot hech qanday ustun yoki elektr uzatish liniyalariga tegmagan. U faqat uch marta transport vositalari bilan to‘qnashgan.
Telekanal xabariga ko‘ra, hodisa natijasida jarohat olgan ikki nafar shaxs tez yordam xodimlari tomonidan shifoxonaga olib ketilgan. Hozirda voqea yuzasidan tegishli tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!