Masofadan boshqariladigan avtomobil politsiya mashinasiga urildi (video)

Masofadan boshqariladigan avtomobil politsiya mashinasiga urildi (video)

Pokiston poytaxti Islomobodda masofadan boshqariladigan tajribaviy avtomobil namoyishi kutilmagan hodisa bilan yakunlandi. Haydovchisiz harakatlanayotgan avtomobil yo‘l chetida turgan politsiya mashinasiga borib urildi. Bu haqda Dawn xabar berdi.

Hodisa shaharning D-Chowk hududida sodir bo‘lgan. Avtomobil Abbotobodlik texnologiya ixlosmandi Ehson Zafar tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uni internet orqali masofadan boshqarish mumkin bo‘lgan.

Namoyish vaqtida jurnalist Muhammad Alija avtomobil salonida oldingi yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirib, uning imkoniyatlarini ko‘rsatayotgan bo‘lgan. Shu payt mashina rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetida turgan politsiya avtomobili tomon harakatlangan. Jurnalist qo‘l tormozidan foydalanib, mashinani to‘xtatishga uringan, ammo to‘qnashuvning oldini olib bo‘lmagan.

Dastlab jurnalist hodisaga internet aloqasidagi uzilish sabab bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil internet va sun’iy yo‘ldosh aloqasi orqali boshqarilgan va aloqa uzilganidan so‘ng mashina nazoratdan chiqqan.

Biroq keyinchalik avtomobil muallifi Ehson Zafar hodisa sababi boshqaruv vaqtida noto‘g‘ri tugma bosilgani bo‘lishi mumkinligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, avtomobil o‘ngga burilishi kerak bo‘lgan, ammo boshqaruvda chap tomon tugmasi bosilib ketgan.

Hodisa oqibatida politsiya avtomobili va tajribaviy mashinaga shikast yetgani xabar qilingan. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Mutaxassislar bunday tajribaviy texnologiyalarni ommaviy foydalanishga joriy etishdan oldin xavfsizlik tizimlarini yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidlamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar