Qatar delegatsiyasi samolyoti Shveysariyada kuchli shamolda yonboshlab qo‘ndi (video)

Qatar hukumati delegatsiyasi a’zolarini olib ketayotgan Airbus A320 samolyoti Shveysariyaning Bern shahrida kuchli yonlama shamol sabab g‘ayrioddiy tarzda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Samolyotning go‘yo yonboshlab uchayotgandek ko‘ringan holati aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu haqda People xabar berdi.
Hodisa 17 noyabr kuni Bern yaqinidagi Belp aeroportida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, samolyot Qatar poytaxti Doha shahridan uchib kelgan. Qo‘nish vaqtida shamolning tezligi soatiga 65 kilometrgacha yetgan.
Kuchli yonlama shamol samolyotni uchish-qo‘nish yo‘lagidan chetga surish xavfini yuzaga keltirgan. Shu sababli uchuvchilar aviatsiyada «krab» (crab landing) deb ataladigan qo‘nish usulidan foydalangan.
Bunda uchuvchilar samolyot burnini shamol esib kelayotgan tomonga burgan holda uchadi. Qo‘nishdan biroz oldin esa uning yo‘nalishini uchish-qo‘nish yo‘lagiga moslashtiradi. Natijada samolyot yonboshlab harakatlanayotgandek ko‘rinadi.
Samolyotni tasvirga olgan aviatsiya ishqibozi Mattias Xennining aytishicha, shamolning kuchli esishi sabab u uchuvchilar qo‘nishni bekor qilib, qayta aylanib kelishga qaror qiladi, deb o‘ylagan. Shunga qaramay, samolyot muvaffaqiyatli qo‘ngan.
Qayd etish joiz, ushbu samolyotda Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bo‘lmagan. Uning mamlakatga davlat tashrifi 18–19 noyabr kunlariga belgilangan bo‘lib, amir Shveysariyaga alohida tashrif buyurgan.
Qatar delegatsiyasi samolyotining murakkab ob-havo sharoitida qo‘nishi aks etgan kadrlar internet foydalanuvchilarining e’tiborini tortdi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…