Kim Chen In yadroviy arsenalni kengaytirishga qat’iy kirishishini aytdi

Shimoliy Koreya yadroviy arsenalini kengaytirish va mustahkamlash yo‘lini davom ettirish niyatida ekanini bildirdi. Koreya Markaziy axborot agentligi xabar qilishicha, Kim Chen In bu haqda Pxenyanda hukmron Ishchilar partiyasining to‘qqizinchi qurultoyi yakunlanganidan so‘ng o‘tkazilgan harbiy paradda gapirgan.
Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, partiya “milliy yadroviy salohiyatni yanada kengaytirish va kuchaytirish”, shuningdek, yadroviy davlat sifatidagi maqomdan to‘liq foydalanish yo‘liga sodiq qoladi.
Shimoliy Koreya yetakchisi AQSH bilan munosabatlarni yaxshilash imkoniyati ham Voshingtonning pozitsiyasiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, agar Qo‘shma Shtatlar KXDRga nisbatan qarshilik siyosatiga chek qo‘yib, mamlakatning hozirgi maqomini tan olsa, ikki tomon “yaxshi til topisha olmasligi” uchun asos qolmaydi.
Shu bilan birga, xabarlarda Kim Chen In hali ham Donald Trampning uchrashuv taklifini qabul qilmagani qayd etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!