Ukraina prezidenti yordamni to'sayotgan siyosatchiga tahdid qildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilishi rejalashtirilgan 90 milliard yevrolik moliyaviy yordam paketining bloklanayotganidan noroziligini bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, ittifoq tarkibidagi birgina davlatning qarshiligi butun mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf tug'dirmoqda. Zelenskiy bu masalani hal qilishda keskin ohangdan foydalanib, yordamni to'sayotgan shaxs bilan Ukraina Qurolli kuchlari o'z uslubida gaplashib olishi mumkinligini ta'kidladi.
Hozirgi vaqtda Ukraina uchun ushbu mablag'lar hayotiy ahamiyatga ega va ularning o'rnini bosadigan boshqa muqobil manbalar mavjud emas. Mutaxassislarning fikricha, Vengriyaning bu boradagi pozitsiyasi nafaqat siyosiy qarama-qarshiliklar, balki energetik manfaatlar bilan ham bog'liq. Xususan, Budapesht "Drujba" neft quvuri orqali yetkazib beriladigan xomashyo ta'minotini saqlab qolishga intilmoqda.
Eslatib o'tamiz, Vengriya hukumati nafaqat moliyaviy yordam paketiga, balki Rossiyaga qarshi tayyorlanayotgan 20-sanksiyalar paketiga ham qarshi chiqib kelmoqda. Yevropa Ittifoqi doirasidagi bu kabi kelishmovchiliklar Kiyevning xalqaro hamkorlardan kutayotgan yordamlarini kechiktirmoqda. Ukraina rahbariyati esa Yevropa davlatlarini birdamlikka chaqirib, moliyaviy ko'mak urush sharoitida mamlakat barqarorligini saqlash uchun yagona yo'l ekanini qayd etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!