Eron qo‘shni mamlakatlarga raketa uchirmaslikka va’da berdi

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat qo‘shni davlatlarga hujum qilmaslikka qaror qilinganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror kecha bo‘lib o‘tgan rahbariyatning muvaqqat kengashi yig‘ilishida qabul qilingan.
Pezeshkiyon ta’kidlashicha, endi qo‘shni mamlakatlarga raketa uchirilmaydi va ularga qarshi zarba berilmaydi. Faqat o‘sha davlat hududidan Eronga hujum uyushtirilgan taqdirdagina javob chorasi ko‘riladi.
Eron rahbari, shuningdek, mamlakat hech qanday shartlarsiz taslim bo‘lmasligini keskin aytdi. U qo‘shni davlatlardan uzr so‘rab, Tehron boshqa mamlakatlarga qarshi tajovuz qilish niyatida emasligini yana bir bor urg‘uladi.
Pezeshkiyonning fikricha, bugungi vaziyatda Eron o‘z hududini himoya qilishga majbur. U aholiga minnatdorlik bildirib, xalqaro huquq normalariga amal qilinmayotgani, hatto tibbiyot muassasalari va shifoxonalarga ham zarbalar berilayotganini qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!