Bloger Viktoriya Bonya Putinga ochiq murojaat yo‘llab, xalq dardini aytdi...

Rossiyalik mashhur bloger va teleboshlovchi, Instagram olamida 13 milliondan ortiq kuzatuvchiga ega bo‘lgan Viktoriya Bonyaning navbatdagi chiqishi ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirdi. U o‘z sahifasida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bag‘ishlangan 18 daqiqalik videomurojaat eʼlon qilib, mamlakatdagi eng og‘riqli nuqtalarga тўхталди. Zamin.uz ushbu shov-shuvli murojaatning asosiy mazmunini taqdim etadi.
«Xalq sizdan qo‘rqadi»
Viktoriya Bonya o‘z murojaatini mamlakatdagi umumiy kayfiyatdan boshladi. Uning taʼkidlashicha, bugungi kunda Rossiyada oddiy odamlardan tortib, taniqli ijodkorlar va hatto viloyat gubernatorlarigacha prezidentdan hayiqib yashamoqda. «Siz mamlakat rahbarisiz, xalq esa sizdan qo‘rqmasligi kerak», — dedi bloger o‘z fikrlarini ochiq bayon etar ekan.
Gubernatorlar yashirayotgan beshta muammo
Bonya prezidentga yo‘llagan “hisoboti”da mahalliy rahbarlar tilga olishga botinmayotgan beshta dolzarb masalani sanab o‘tdi:
- Dog‘istondagi tabiiy ofat: Suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan aholiga dastlabki kunlarda hech qanday ko‘mak berilmagani;
- Ekologik inqiroz: Anapa sohillari mazut bilan ifloslangani va muammo hamon yechilmay qolayotgani;
- Jonivorlar genotsidi: «Qizil kitob»ga kirgan noyob hayvonlarni ovlashga yo‘l ochuvchi yangi qoidalar;
- Chorvachilikdagi muammolar: Novosibirsk viloyatida aholi qaramog‘idagi qoramollarning musodara qilinishi va yo‘q qilinishi;
- Raqamli cheklovlar: Internet tarmog‘ining bloklanishi va axborot erkinligining cheklanishi.
«Biznes o‘lmoqda, odamlar ketish yo‘lini izlamoqda»
Blogerning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy vaziyat ham haminqadar. Narx-navoning keskin ko‘tarilishi va kichik tadbirkorlikka bo‘layotgan bosimlar odamlarni chorasiz qoldirmoqda. «Xalqning oxirgi chorasi ham tortib olinyapti. Bugun Google tizimida eng ko‘p berilayotgan savol — Rossiyadan qanday qilib ketish bo‘lib qoldi», — deya taʼkidladi u.
Sud ishlari va yangi taklif
Murojaatda yaqinda 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Artyom Chekalin va uning sobiq rafiqasi Lerchekning ishlariga ham eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, Bonya deputat Vitaliy Milonovning ayollarga nisbatan haqoratli chiqishlarini keskin qoraladi.
Yechim sifatida Viktoriya Bonya prezidentga xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qiladigan maxsus platforma (masalan, Max messenjeri negizida) yaratishni taklif qildi. Uning fikricha, hokimiyat xalqqa xizmat qilishi kerak, aksincha emas.
Millionlab ko‘rishlar va minglab izohlar
Ayni paytda Monakoda istiqomat qilayotgan blogerning ushbu videosi qisqa vaqt ichida 22 million martadan ortiq ko‘rildi. 1,2 milliondan ziyod layk va 67,2 mingdan ortiq izohlar bu mavzu naqadar dolzarb ekanini isbotlamoqda.
Aziz mushtariylar, sizningcha, blogerlarning bunday siyosiy chiqishlari muammolar yechimiga yordam beradimi? Mashhur insonlar «xalq nomidan» gapirishga haqlimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!