Olimlar Yerda hayot qachon tugashini hisoblab chiqdi

Olimlar Yerda hayot qachon tugashini hisoblab chiqdi

Olimlar Yer sayyorasida hayot yana qancha vaqt davom etishi mumkinligi bo‘yicha yangi ilmiy hisob-kitoblarni taqdim etdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, hozirgi shakldagi biosfera avval taxmin qilinganidan ancha uzoq — taxminan 1,8 milliard yil davomida saqlanib qolishi mumkin.

JGR Atmospheres ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqotda ta’kidlanishicha, Yerdagi o‘simliklar va fotosintez jarayoni avvalgi nazariyalarda ko‘rsatilganidan ko‘ra ancha barqaror ekani aniqlangan. Bu esa hayot uchun asos bo‘lgan ekotizimlar yana milliardlab yillar faoliyat yuritishi mumkinligini anglatadi.

Olimlarning qayd etishicha, Quyosh tabiiy evolyutsiya jarayonida asta-sekin yorqinlashib va qizib bormoqda. Bugungi kunda u 4,5 milliard yil avvalgiga nisbatan taxminan uchdan bir qismiga ko‘proq energiya tarqatmoqda. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, Quyosh yana qariyb 5 milliard yil davomida qizib boradi, shundan keyin esa o‘z hayot siklining keyingi bosqichiga o‘tadi.

Qiziq jihati shundaki, 1982 yilda britaniyalik olim Jeyms Lavlok fotosintezga asoslangan hayot Yerda yana atigi 100 million yil saqlanib qolishini taxmin qilgan edi. Yangi tadqiqot esa bu muddatni qariyb 18 baravar uzaytirib, 1,8 milliard yil deb baholamoqda.

Biroq barcha olimlar ham bu ssenariy amalga oshishiga ishonmaydi. Astrobiolog Jeykob Xak-Mistraning fikricha, inson faoliyati natijasida atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari global isishni tezlashtirib, biosfera uchun xavfni ancha ertaroq yuzaga keltirishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar global iqlim o‘zgarishi hozirgi sur’atlarda davom etsa, Yerdagi tabiiy muhit 6–7 ming yil ichidayoq jiddiy xavf ostida qolishi ehtimoldan xoli emas.

Tadqiqot mualliflari eslatishicha, Yerdagi hayotning asosi fotosintez hisoblanadi. Agar harorat o‘ta yuqori darajaga yetsa, bu jarayon to‘xtaydi. Natijada o‘simliklar yo‘qoladi, oziq-ovqat zanjiri buziladi va hozirgi ko‘rinishdagi hayot mavjud bo‘la olmaydi.

Shu bilan birga, ilmiy jamoa Yer taqdiri tabiiy kosmik jarayonlar bilan bir qatorda, insoniyatning iqlimga munosabatiga ham bevosita bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar