Avstraliyada bir yo‘ldoshli to‘rt egizak sog‘-omon tug‘ildi

Avstraliyada juda kam uchraydigan va shifokorlar tomonidan o‘ta xavfli deb baholangan homiladorlik muvaffaqiyatli yakunlandi. 34 yoshli Jenitar Na'amoana 14 iyul kuni bir yo‘ldoshni bo‘lishadigan to‘rt egizak qizaloqni dunyoga keltirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, chaqaloqlar homiladorlikning 28 haftayu 4 kunida kesarcha kesish orqali tug‘ilgan. Ular monozigotik, ya’ni bitta urug‘langan tuxum hujayraning to‘rtta embrionga bo‘linishi natijasida shakllangan. Mutaxassislar bunday holat har 15 millionta homiladorlikdan bittasida uchrashini ta’kidlamoqda.
Ona va uning turmush o‘rtog‘i Jortam to‘rt egizak kutayotganini eshitganida juda hayratga tushganini aytdi. Homiladorlikni kuzatgan akusher Aleksa Bendallning so‘zlariga ko‘ra, bunday homiladorlik juda yuqori xavfli bo‘lgani uchun ayol 25-haftadan boshlab shifoxonaga yotqizilib, doimiy nazorat ostida saqlangan.
«Biz homiladorlikni kamida 28 haftagacha yetkazishni asosiy maqsad qilgan edik. Bugun esa to‘rt nafar sog‘lom qizaloqning dunyoga kelgani barchamiz uchun katta quvonch», — dedi u.

Qizaloqlarga Emili, Garriyet, Ketrin va shifokor sharafiga Aleksa deb ism qo‘yildi. Hozircha ular to‘liq muddatga yetguncha neonatal intensiv terapiya bo‘limida shifokorlar nazoratida qoladi. Mutaxassislar chaqaloqlarning ahvoli yaxshi ekanini ma’lum qildi.
Oilaning bundan tashqari bir yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan yana bir necha farzandi bor. Ko‘paygan oila ehtiyojlari uchun Jenitar Na'amoana kamida 10 o‘rinli furgon sotib olish maqsadida onlayn xayriya aksiyasini boshlagan. Hozirga qadar ushbu tashabbus orqali 37 ming Avstraliya dollaridan ortiq mablag‘ yig‘ilgan.
Shifokorlar ta’kidlashicha, tabiiy yo‘l bilan hosil bo‘lgan to‘rt egizak homiladorlik juda noyob holat bo‘lib, o‘rtacha har 700 mingta tug‘ruqdan bittasida kuzatiladi. Shu bois Avstraliyadagi ushbu tug‘ruq tibbiyot mutaxassislari tomonidan navbatdagi noyob hodisalardan biri sifatida baholanmoqda.






























Izohlar 0
…