Yo‘l bo‘yidagi 10 ta yashil shisha sirli voqeaga aylandi

Angliyaning Kornuoll grafligidagi A39 Truro–Falmut avtomobil yo‘li yonida joylashgan devorda paydo bo‘lgan g‘ayrioddiy installyatsiya mahalliy aholi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Hozirgacha ushbu ijodiy g‘oya muallifi kim ekani noma’lumligicha qolmoqda.
Gap devor ustiga joylashtirilgan yashil shishalar haqida ketmoqda. Ular soni bolalarga mashhur "Ten Green Bottles" qo‘shig‘idagi kabi asta-sekin kamayib bormoqda. Keyinchalik ekspozitsiyaga krujkalar, bezak uchun qo‘yilgan o‘rdak haykalchalari va boshqa buyumlar ham qo‘shilib, devorni yanada qiziqarli ko‘rinishga keltirgan.
Mahalliy fuqaro Reychel Ogl ushbu noodatiy tashabbusga bag‘ishlab "Just Another Mug On The Wall" nomli Facebook guruhini tashkil qildi. Uning aytishicha, guruhga qisqa vaqt ichida minglab odamlar qo‘shilgan va devordagi o‘zgarishlarni muntazam kuzatib bormoqda.
Oglning so‘zlariga ko‘ra, bir paytlar barcha shishalar g‘oyib bo‘lgan, biroq ko‘p o‘tmay yana paydo bo‘lib, keyin yana soni qisqara boshlagan. Uning fikricha, dastlab bu ishni bir kishi boshlagan bo‘lsa, hozirga kelib unga yana boshqa odamlar ham qo‘shilgan.
«Har safar devorda yangi buyum paydo bo‘lsa, odamlar juda xursand bo‘ladi. Bu joy haqiqatan ham ko‘pchilik uchun qiziq muhokama mavzusiga aylandi», — deydi Reychel Ogl.
Kornuoll kengashi esa mazkur holatdan xabardor ekanini bildirib, devordagi buyumlar jamoat xavfsizligiga tahdid solmaguncha ularga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmasligini ma’lum qildi. Bugunga kelib esa yo‘l bo‘yidagi ushbu sirli installyatsiya mahalliy aholi uchun o‘ziga xos diqqatga sazovor manzilga aylangan.






























Izohlar 0
…