Virusga aylangan o‘yinchoq bolalarni shifoxonaga tushirmoqda

So‘nggi vaqtlarda dunyo bo‘ylab ommalashgan NeeDoh sensor o‘yinchoqlari bolalar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi ma’lum qilindi. Shifokorlar ushbu o‘yinchoqlarni isitish, muzlatish yoki mikroto‘lqinli pechga qo‘yish og‘ir kuyish jarohatlariga sabab bo‘layotganini aytmoqda.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, NeeDoh ichidagi yopishqoq massa yuqori harorat ta’sirida bosim hosil qilib, o‘yinchoqning portlashiga olib kelishi mumkin. Natijada qaynoq massa yuz, qo‘l va tananing boshqa qismlarini qattiq kuydiradi. Ishlab chiqaruvchi qutilarda uni isitmaslik va muzlatmaslik haqida ogohlantirish bergan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlardagi xavfli chellenjlar sabab bolalar bu qoidalarga amal qilmayapti.

AQSHning Missuri shtatida yetti yoshli qizaloq mikroto‘lqinli pechda qizdirilgan o‘yinchoq portlashi oqibatida og‘ir kuyish jarohatlari olgan va unga teri ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi o‘tkazilgan. Buyuk Britaniya, Chikago va Nyu-Meksikoda ham shunga o‘xshash holatlar qayd etilgan.
Shifokorlar bunday jarohatlar chandiqlar, ko‘rish qobiliyatining pasayishi va boshqa og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab, ota-onalarni bolalarni internetdagi xavfli chellenjlardan ogohlantirishga chaqirdi. Shuningdek, NeeDoh va shunga o‘xshash o‘yinchoqlarni hech qachon qizdirmaslik, muzlatmaslik yoki issiq joyda qoldirmaslik tavsiya etildi.






























Izohlar 0
…