Germaniyadagi otishma 5 kishining umriga zomin bo‘ldi

Germaniyadagi otishma 5 kishining umriga zomin bo‘ldi

Bugun, 29 iyun kuni Germaniyaning shimolida joylashgan Shtade shahridagi yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida sodir bo‘lgan qurolli hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hodisa yuz bergan muassasa tarkibida homilador ayollar hamda yosh bolali onalar uchun mo‘ljallangan vaqtinchalik boshpana ham faoliyat yuritadi.

Huquq-tartibot idoralari voqeadan so‘ng ikki nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan biri qurolli hujumni amalga oshirgan shaxs bo‘lishi mumkin. Hozirda hodisaning sabablari va barcha tafsilotlarini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, otishma oqibatida yana bir necha kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgani ma’lum qilingan. Biroq jarohatlanganlarning aniq soni hozircha oshkor etilmagan.

Voqea guvohi Vitaliy Mertensning so‘zlariga ko‘ra, u otishma vaqtida ketma-ket o‘q ovozlarini eshitgan.

“Oradan ko‘p o‘tmay butun hudud politsiya tomonidan o‘rab olindi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan bizni voqea joyidan uzoqlashtirishdi”, — deydi u.

Politsiya hodisadan keyin vaziyat nazorat ostida ekanini bildirib, aholi uchun qo‘shimcha xavf mavjud emasligini ma’lum qilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar