1 iyuldan boshlab xususiy korxonalarda ham “bolnichniy”ni davlat to‘laydi

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi amaliyotga joriy etiladi. Endilikda mazkur nafaqalar davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi orqali moliyalashtiriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Agentlikning bildirishicha, 29 iyun kuni yangi tizimni jamoatchilikka tanishtirish maqsadida brifing o‘tkazildi. Unda 1 iyuldan kuchga kiradigan tartib, nafaqalarni tayinlash va to‘lash jarayonlarining raqamlashtirilgan bosqichlari, fuqarolar uchun yaratilgan qulayliklar hamda ish beruvchilar bilan davlat idoralari o‘rtasidagi elektron hamkorlik mexanizmi batafsil tushuntirildi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tartib 2025 yil 17 dekabrda qabul qilingan Hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida joriy etilmoqda.
Yangi qoidalarga muvofiq, kamida 6 oylik sug‘urta stajiga ega bo‘lgan xodim kasallik varaqasi rasmiylashtirsa, kalendar yilidagi dastlabki 5 kun uchun nafaqani ish beruvchi to‘laydi. Kasallikning 6-kunidan boshlab esa, 182 kungacha bo‘lgan muddat uchun to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, iyul oyidan boshlab barcha hisob-kitoblar avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Inson omili ishtirokisiz hisoblangan mablag‘lar fuqarolarning ijtimoiy kartalariga avtomatik ravishda o‘tkaziladi.
Nafaqalar har oy ikki bosqichda to‘lanadi. Oyning birinchi yarmi uchun mablag‘lar 25-sanasiga qadar, ikkinchi yarmi uchun esa keyingi oyning 10-sanasigacha to‘lab beriladi.
To‘lov miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqi hamda sug‘urta stajidan kelib chiqib belgilanadi. Xususan, sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lgan fuqarolarga o‘rtacha ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq sug‘urta stajiga ega xodimlarga esa o‘rtacha ish haqining 80 foizi miqdorida nafaqa tayinlanadi.






























Izohlar 0
…