Qirg‘iziston va Qozog‘iston 49 yilga yer almashishga kelishib oldi

Qozog‘iston Senati Ostona va Bishkek shaharlaridagi elchixonalar hamda elchilarning rasmiy qarorgohlari uchun yer maydonlari va ko‘chmas mulklarni 49 yil muddatga bepul foydalanish asosida almashish to‘g‘risidagi bitimni ma’qulladi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Kelishuvga ko‘ra, har ikki davlat diplomatik vakolatxonalar faoliyati uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari va binolarni o‘zaro beg‘araz foydalanishga taqdim etadi. Hujjatning asosiy maqsadi elchixonalar faoliyatini yanada qulay sharoitlarda tashkil etish hamda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Bitimga muvofiq, Qirg‘iziston Ostona shahrida elchixona qurilishi uchun 0,74 gektar yer maydoni va favqulodda hamda muxtor elchining qarorgohi sifatida foydalanish uchun 1267 kvadrat metrlik kottejga ega bo‘ladi.
Buning evaziga Qozog‘iston Bishkek shahrida elchixona ehtiyojlari uchun 0,75 gektar yer uchastkasi hamda elchi yashashi uchun mo‘ljallangan 531 kvadrat metrlik kottejni foydalanishga oladi. Har ikki obyektga tutash hududlar ham diplomatik missiyalar ixtiyoriga beriladi.
Mazkur ko‘chmas mulk obyektlari va yer maydonlari tomonlarga 49 yil muddatga uzoq muddatli foydalanish huquqi asosida ajratiladi.






























Izohlar 0
…