Oylik, pensiya va soliq: 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi?

1 iyuldan O‘zbekistonda qator muhim yangilik va o‘zgarishlar kuchga kiradi. Ular soliq tizimi, ijtimoiy to‘lovlar, turizm, qurilish, elektron tijorat va davlat xizmatlari kabi sohalarni qamrab oladi. Yangi tartiblar fuqarolar va tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar yaratishi kutilmoqda.
Eng muhim yangiliklardan biri — soliq tizimini yanada soddalashtirish. Endi soliq to‘lovlari yagona g‘aznachilik hisobvarag‘i orqali avtomatik taqsimlanadi. Bu ortiqcha to‘lovlarni boshqa soliq turlariga o‘tkazish uchun alohida ariza berish zaruratini bartaraf etadi.
Shuningdek, «avtokameral» soliq tekshiruvi bekor qilinadi. Soliq xavfi o‘rta darajada deb baholangan tadbirkorlarga avval xabarnoma yuboriladi. Agar aniqlangan kamchiliklar bir oy ichida bartaraf etilsa, soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
Turizm sohasida ham yangiliklar bor. Milliy turizm yagona platformasi ishga tushirilib, xorijiy sayyohlar uchun elektron SIM-karta, mehmonxonada avtomatik ro‘yxatdan o‘tish, chipta va muzey biletlarini onlayn xarid qilish imkoniyatlari yaratiladi.
Ijtimoiy himoya tizimida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi. 1 iyuldan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik («bolnichniy») nafaqasi davlat ijtimoiy sug‘urtasi hisobidan to‘lanadi. To‘lovlar avtomatik tarzda hisoblanib, ijtimoiy kartaga o‘tkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash tizimi ham raqamlashtiriladi. Davlat tashkilotlarida yangi milliy sertifikatlashtirish tizimi va «Raqamli komplayens» platformasi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Qurilish sohasida esa fuqarolar va tadbirkorlar uchun yanada qulay shartlar yaratiladi. Endi qurilishga ruxsat olish hamda elektr, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish uchun bitta ariza va yagona to‘lov yetarli bo‘ladi.
Elektron tijorat sohasida esa ayrim o‘zgarishlar amal qiladi. Smartfon, noutbuk, planshet va boshqa maishiy elektronika mahsulotlarini xorijdan onlayn xarid qilishda 5 foizlik yagona bojxona to‘lovi joriy etiladi.
Shu bilan birga, davlat muassasalarida quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan binolar uchun energiya samaradorligi bo‘yicha yangi talablar belgilanadi. Barcha yangi obyektlar kamida «S» toifasidagi energiya tejamkor standartlarga javob berishi shart bo‘ladi.
Ijtimoiy to‘lovlar ham oshiriladi. 1 iyuldan pensiyalar, bolalar nafaqasi, moddiy yordam mablag‘lari va boshqa ijtimoiy to‘lovlar 7 foizga ko‘payadi. Shuningdek, mudofaa tizimi fuqaro xodimlarining ish haqi 20 foizga oshirilishi belgilangan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur o‘zgarishlar aholi uchun davlat xizmatlaridan foydalanishni yengillashtirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.






























Izohlar 0
…