Trampga 321 brilliantli noyob uzuk sovg‘a qilindi

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan o‘ziga xos va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi. Belgiyaning Antverpen butunjahon olmos markazi (AWDC) davlat rahbari uchun maxsus tayyorlangan, yuzlab brilliantlar bilan bezatilgan eksklyuziv uzukni taqdim etdi.
Ma’lum qilinishicha, noyob taqinchoq Amerika Qo‘shma Shtatlarining Belgiyadagi elchisi Bill Uaytga rasman topshirilgan.
Uzuk sof oltindan yasalgan bo‘lib, unga 321 ta tabiiy brilliant hamda yana 75 ta qimmatbaho tosh mahorati bilan joylashtirilgan. AWDC vakillari ushbu sovg‘a ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam iqtisodiy hamkorlik va ko‘p yillik savdo aloqalarining ramzi sifatida tayyorlanganini ta’kidladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, AQSH uzoq yillardan beri Antverpen olmos sanoatining eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda sotiladigan tabiiy olmoslarning katta qismi yakunda aynan amerikalik xaridorlar qo‘liga yetib boradi.
AWDC shuningdek, uzukni yaratishda faqat tabiiy brilliantlardan foydalanilganiga alohida urg‘u berdi. Mutaxassislarning qayd etishicha, tabiiy va laboratoriyada yetishtirilgan olmoslarni tashqi ko‘rinishidan ajratish qiyin bo‘lsa-da, ularning kelib chiqishi, noyobligi, bozor qiymati va maqomi o‘rtasida katta farq mavjud.
Ma’lumot o‘rnida, Belgiyaning Antverpen shahri qariyb besh asrdan buyon jahon olmos savdosining eng yirik markazlaridan biri hisoblanadi. Dunyoda qazib olinadigan xom olmoslarning katta qismi aynan shu shahardagi savdo maydonlari orqali jahon bozoriga chiqariladi.
Shaharning mashhur Olmos kvartalida 1700 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritadi. Shuningdek, aynan Antverpenda 1863 yilda dunyodagi birinchi rasmiy olmos birjasi tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda ham ushbu hudud xalqaro brilliant savdosining eng nufuzli markazlaridan biri bo‘lib qolmoqda.






























Izohlar 0
…