Oddiy o‘yinchoq bir zumda 7 yoshli qiz terisini kuydirdi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida sodir bo‘lgan noxush voqea bolalar uchun mo‘ljallangan ayrim o‘yinchoqlar xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Stressni kamaytirish uchun ishlab chiqarilgan yumshoq o‘yinchoq yorilib ketishi natijasida 7 yoshli qiz kimyoviy kuyish jarohatini oldi.
Qizning onasi Asel Pakning aytishicha, o‘yinchoq ichidagi gelsimon modda tashqariga chiqib, bolaning teriga yopishib qolgan. Natijada modda teri bilan birga ajralib ketgan va shifokorlar qizaloqqa yelka hamda qo‘l qismida kimyoviy kuyish tashxisini qo‘ygan.
Ayol mahsulot xarid qilinganini tasdiqlovchi chek va barcha tibbiy hujjatlarni saqlab qolganini ma’lum qildi. U endilikda mazkur o‘yinchoq xavfsizligi yuzasidan mustaqil ekspertiza o‘tkazilishini talab qilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga mashhur «skvishi» turidagi yumshoq o‘yinchoqning sifatsiz nusxasi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Qozog‘iston Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi ma’lum qilishicha, stressga qarshi o‘yinchoqlar uchun alohida texnik talablar belgilanmagan. Shu bilan birga, bozorda sotilayotgan barcha bolalar o‘yinchoqlari umumiy xavfsizlik standartlari va muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi shart.
Mutaxassislar ota-onalarga o‘yinchoq xarid qilishda uning kelib chiqishi, sertifikati va xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlarga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Ayni paytda hodisa yuzasidan rasmiy tekshiruv davom etmoqda. Agar jarohat mahsulotdagi nuqson yoki xavfsizlik talablariga rioya etilmagani oqibatida kelib chiqqanligi tasdiqlansa, ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi qonun oldida javobgarlikka tortilishi mumkin.
Mutaxassislar, shuningdek, kelib chiqishi noma’lum mahsulotlarni xarid qilmaslik va kichik yoshdagi bolalarni o‘yinchoqlar bilan qarovsiz qoldirmaslik muhimligini yana bir bor eslatdi.






























Izohlar 0
…