O‘zbekistonda AI-92 benzini narxi rekord darajada qimmatlashdi

O‘zbekistonda AI-92 benzini narxi rekord darajada qimmatlashdi

O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida AI-92 markali avtomobil benzini narxi yana keskin oshib, tarixiy eng yuqori darajaga yetdi. Bu haqda Spot nashri birja savdolari ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 29 iyun kuni bo‘lib o‘tgan savdolar yakuniga ko‘ra, AI-92 benzinining bir tonnasi 13,919 million so‘mdan sotilgan. Bu avvalgi savdolarga nisbatan 1,1 foizga yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, yangi tarixiy rekord sifatida qayd etildi. Iyun oyi boshidan buyon esa mazkur yoqilg‘i turining narxi 1,473 million so‘mga yoki qariyb 11,8 foizga qimmatlagan.

Narxlarning asosiy o‘sishi iyun oyining birinchi yarmiga to‘g‘ri kelgan. Xususan, 4 iyun kuni bir tonna AI-92 benzini 12,476 million so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 8 iyunga kelib bor-yo‘g‘i to‘rt kun ichida uning qiymati 10,5 foizga oshib, 13,788 million so‘mga yetgan. Keyingi ikki hafta davomida benzin narxi 13,7–13,8 million so‘m oralig‘ida saqlanib turgan bo‘lsa, 29 iyun kuni yana ko‘tarilib, avvalgi rekordni ham yangiladi.

Shu bilan bir vaqtda birjada taklif etilayotgan yoqilg‘i hajmi ham qisqargani kuzatildi. Agar 1 iyun kuni savdolarga 3 791 tonna benzin chiqarilgan bo‘lsa, 23 iyunga kelib bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobarga kamayib, 1 898 tonnani tashkil etgan. 29 iyun kuni taklif hajmi 3 123,2 tonnagacha tiklanganiga qaramay, bu holat narxlarning pasayishiga ta’sir ko‘rsatmagan.

Spot ma’lumotiga ko‘ra, narxlarning keskin oshishi Rossiyada yoqilg‘i taqchilligi kuzatilayotgan davrga to‘g‘ri kelgan. Bunga Ukraina dronlari hujumlaridan keyin neftni qayta ishlash zavodlarida rejadan tashqari ta’mirlash ishlari amalga oshirilgani asosiy omillardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar