11 yoshli bola ko‘rshapalak chaqishi sabab quturishdan vafot etdi

Kanadada 11 yoshli bola ko‘rshapalak bilan bog‘liq holatdan so‘ng quturish kasalligi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Canadian Medical Association Journal jurnali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 2024 yilda Ontario viloyatida oila dam olayotgan kottejda sodir bo‘lgan. Tunda bola uyg‘onib ketganida ko‘rshapalak uning burni va og‘zi ustida turgan. U hayvonni urib tushirgan, otasi esa uni tutib, tashqariga chiqarib yuborgan.
Bolada ko‘zga ko‘rinarli jarohat bo‘lmagani uchun ota-onasi shifokorga murojaat qilmagan. Biroq oradan 19 kun o‘tib, uning yuzida uvishish va shish paydo bo‘lgan. Dastlab shifokorlar boshqa kasalliklardan gumon qilgan, ammo bolaning ahvoli tez yomonlashib, isitma, yutish qiyinlashishi va ong buzilishi kuzatilgan.
Manitoba universiteti shifokorlari quturish kasalligidan shubhalangan va keyingi tahlillar bu tashxisni tasdiqlagan. Shuningdek, Kanada Oziq-ovqat inspeksiyasi agentligi ko‘rshapalakka xos quturish virusini aniqlagan.
Afsuski, bola shifoxonaga yotqizilganidan 17 kun o‘tib vafot etgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Kanadada quturish juda kam uchraydi. Mamlakatda 1924 yildan buyon ushbu kasallik tufayli 28 nafar inson vafot etgan. Shifokorlar ko‘rshapalak bilan har qanday bevosita aloqadan keyin zudlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tish zarurligini eslatmoqda. Chunki quturish kasalligida alomatlar paydo bo‘lgach, uni davolash deyarli imkonisiz hisoblanadi.






























Izohlar 0
…