PFA: Isroil kuchlari falastinlik darvozabonni otib o‘ldirdi

PFA: Isroil kuchlari falastinlik darvozabonni otib o‘ldirdi

Isroil armiyasi tomonidan G‘azo sektorida amalga oshirilgan navbatdagi hujum oqibatida falastinlik darvozabon Salim al-Ashqar halok bo‘ldi. Bu haqda Falastin futbol assotsiatsiyasi (PFA) ma’lumotlariga tayanib, TRT nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 32 yoshli futbolchi G‘azo sektoridagi Al-Qarara shaharchasida otib o‘ldirilgan. Falastin futbol assotsiatsiyasiga ko‘ra, u 2023 yil oktyabr oyida harbiy harakatlar boshlanganidan beri halok bo‘lgan 1000 dan ortiq falastinlik sportchilardan biri hisoblanadi.

Qayd etilishicha, Salim al-Ashqar bor-yo‘g‘i besh oy avval oila qurgan bo‘lib, turmush o‘rtog‘i bilan ilk farzandi dunyoga kelishini intiqlik bilan kutayotgan edi.

Chilining «Deportivo Palestino» futbol klubi ham marhum futbolchining vafoti munosabati bilan bayonot e’lon qildi.

«32 yoshli falastinlik darvozabon Salim al-Ashqarning fojiali o‘limi munosabati bilan chuqur qayg‘udamiz. U Isroil armiyasi tomonidan o‘ldirildi. Bunday voqealarning davom etayotgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Biz adolat qaror topishi va tinchlik ta’minlanishini so‘raymiz», — deyiladi klubning 1 iyun kuni e’lon qilingan bayonotida.

Marhum futbolchi faoliyati davomida «Xon Yunis Servis» klubi darvozaboni sifatida to‘p surgan. Shuningdek, u G‘azo sektoridagi «Al-Aqso» va «Al-Musaddar» sport klublari safida ham faoliyat yuritgan.

Ma’lumot o‘rnida, iyun oyida Isroil hukumati Falastin ayollar milliy terma jamoasining 20 yoshli futbolchisi Rend Halavaniyni ham hibsga olgan edi. U 2 iyun kuni Quddus shahriga so‘roqqa chaqirilgan va 5 iyunga qadar hibsda saqlanishi belgilangan. Politsiya unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni ochiqlamagan.

Falastin futbol assotsiatsiyasi ushbu holatni qoralab, buni falastinlik sportchilarga nisbatan tizimli bosimning bir ko‘rinishi deb baholagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar