Ozarbayjonda juda kam uchraydigan holat: homila jigar sohasida aniqlandi (video)

Ozarbayjonda homiladorlikning juda kam uchraydigan turi — homilaning jigar sohasiga joylashishi bilan kechadigan ektopik homiladorlik holati aniqlangan. Bu haqda Sputnik Ozarbayjon xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bemorning ultratovush tekshiruvi tasvirlari radiolog tomonidan ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan. Tekshiruvda homila bachadon ichida emas, balki qorin bo‘shlig‘ida, jigar sohasida joylashgani ko‘ringan. Tasvirlarda homilaning ayrim qismlari ham ko‘zga tashlanadi.
Tibbiyotda bunday holat jigar ektopik homiladorligi deb ataladi. Unda urug‘langan tuxum hujayra bachadon bo‘shlig‘iga emas, qorin bo‘shlig‘ining boshqa qismiga, juda kam hollarda esa jigar yuzasi yoki uning to‘qimalariga joylashadi.
Mutaxassislar bunday homiladorlik nihoyatda kam uchrashini ta’kidlaydi. Jigar sohasidagi ektopik homiladorlik xavfli hisoblanadi, chunki homiladorlik to‘qimalarining qon tomirlari ko‘p bo‘lgan jigar bilan aloqasi kuchli qon ketishiga olib kelishi mumkin. O‘z vaqtida aniqlanmasa, bu holat ayol hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Ochiq manbalarda Ozarbayjondagi ushbu bemorning keyingi davolanishi va holati haqida hozircha batafsil ma’lumot berilmagan.






























Izohlar 0
…