DNK testi ortidan avtomobil sotuvchisi shahzodaga aylandi

DNK testi ortidan avtomobil sotuvchisi shahzodaga aylandi

Belgiyalik avtomobil sotuvchisi Kleman Vandenkerkove 26 yoshida hayotini butunlay o‘zgartirgan yangilikka ega bo‘ldi. DNK tahlili natijasida uning Belgiya qiroli Filippning ukasi, shahzoda Loranning o‘g‘li ekani rasman tasdiqlandi.

Kleman 2000 yil avgust oyida belgiyalik xonanda Vendi Van Vanten, asli ismi Iris Vandenkerkove, oilasida dunyoga kelgan. Uning onasi 1990-yillarda shahzoda Loran bilan munosabatda bo‘lgan. Biroq u Loranning kimligini o‘g‘liga Kleman 16 yoshga to‘lguniga qadar aytmagan.

Keyinchalik Vandenkerkove Loran bilan bog‘lanib, otalik masalasiga oydinlik kiritishni istagan. Shahzoda DNK tekshiruvidan o‘tishga rozilik bildirgan. Tahlil natijalari esa Loran Klemanning biologik otasi ekanini tasdiqlagan.

Taxminan olti oy avval ota va o‘g‘il munosabatlarini rasmiylashtirish uchun shahar hokimligida kamtarona marosim o‘tkazgan. Shundan so‘ng Loran Belgiya fuqarolik reyestrida Klemanning otasi ekanini rasman qayd ettirgan.

Endi u qirollik oilasining bir qismi

Otalikning rasmiy tan olinishi Klemanga Loranning shaxsiy mol-mulki bo‘yicha uning uch nafar yarim tug‘ishgan farzandi bilan teng meros huquqini beradi. Bular — 20 yoshli malika Luiza hamda Loranning rafiqasi malika Klerdan tug‘ilgan 19 yoshli egizaklar shahzoda Nikolas va shahzoda Aymerik.

Biroq Kleman qirollikdan maxsus nafaqa olmaydi va rasmiy qirollik vazifalarini bajarmaydi. Shuningdek, uning Belgiya taxtiga da’vo qilish huquqi ham yo‘q.

U otasining oilaviy familiyasi — Saks-Koburgni qabul qilishi mumkin. Ammo Kleman onasining familiyasi bo‘lgan Vandenkerkoveni saqlab qolish niyatida.

«Men Vandenkerkove familiyasi bilan faxrlanaman. Agar undan voz kechsam, bu onamning men uchun qilgan barcha ishlariga xiyonat bo‘ladi», — degan u flamand tilidagi Het Nieuwsblad nashriga.

Haqiqatni 16 yoshida bilgan

Vandenkerkove o‘zining qirollik oilasiga mansubligini birinchi marta o‘tgan yil sentyabr oyida Belgiyaning VTM telekanalida namoyish etilgan hujjatli filmda gapirib bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi Loran uning haqiqiy otasi ekanini aytgan. Keyinchalik Kleman bu masalani muhokama qilish uchun shahzoda bilan uchrashgan.

Ota va o‘g‘il DNK tahlilini birgalikda shifoxonada topshirgan. Klemanning aytishicha, Loran uni xotirjam qilish maqsadida tekshiruvni birinchi bo‘lib o‘zi topshirishni taklif qilgan.

Otalik tasdiqlanganidan keyin ular o‘rtasida yaqin munosabatlar shakllana boshlagan. Klemanning ta’kidlashicha, shundan so‘ng u va otasi o‘rtasida «ochiq va samimiy suhbatlar» ko‘paygan.

Qizig‘i, bu voqea Belgiya qirollik oilasidagi yana bir uzoq davom etgan otalik mojarosini eslatadi. Loranning otasi, sobiq qirol Alber II ham bir necha yil davomida otalik da’vosini rad etgan. Biroq 2020 yilda u Delfin Byol ismli ayolning otasi ekanini tan olgan.

Byol ham uzoq davom etgan sud jarayonida g‘alaba qozonib, malika unvoniga ega bo‘lgan. Hozir u Delfin de Saks-Koburg ismidan foydalanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar